Yangiliklar

Past quvvatda ishlayotgan 50 ta qurilish materiallari korxonasiga investor jalb qilinadi

Forishdagi bazalt tolasi zavodi yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda
Past quvvatda ishlayotgan 50 ta qurilish materiallari korxonasiga investor jalb qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Past quvvatda ishlayotgan kamida 50 ta qurilish materiallari korxonasiga investor jalb qilinadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda sement, bazalt, oyna va keramik plita kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlari 2035-yilgacha bo‘lgan ichki ehtiyojni qoplashga yetishi qayd etildi. Shu sababli endilikda investorlarni aynan shu mahsulotlarni ko‘paytirishga emas, balki mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga jalb etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Forishdagi bazalt tolasi zavodi yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda. Hozirda 1 tonna bazalt tolasi $340 bo‘lsa, bazalt matosining 1 tonnasi $900 ni tashkil qiladi. Bu xomashyodan tayyor mahsulotga o‘tish orqali mahsulot qiymatini bir necha barobarga oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, mamlakatda asosan 400 va 500 markali sement ishlab chiqarilayotgani qayd etildi. Faoliyati to‘xtagan 17 ta sement zavodini investorlar bilan bog‘lab, ularni maxsus sement ishlab chiqarishga yo‘naltirish taklif qilindi. Bunday mahsulotlarga ichki bozorda ham, eksportda ham talab borligi ta’kidlandi.

Avvalroq «Kursiv» qurilish materiallari sanoati 53 trillion so‘mga yetgani haqida yozgan edi.