
O‘zbekistonda 2040-yilgacha yiliga 280 mingta uy-joy qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa qurilish materiallariga bo‘lgan yillik talabni $10 milliarddan oshirmoqda. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bundan 10 yil avval mahalliy qurilish materiallari asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shiferdan iborat bo‘lib, ular qurilishda foydalaniladigan materiallarning atigi 35–40 foizini qamrab olgan.
O‘tgan davrda sohaga $12 milliard investitsiya yo‘naltirildi va 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok hamda quruq qorishmalar kabi 20 dan ortiq asosiy mahsulot turlari bo‘yicha ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi.
Qurilish uchun kerakli materiallarning 98 foizi mahalliy ishlab chiqarilmoqda
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishida zarur bo‘ladigan materiallarning 98 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilmoqda.
Buning natijasida qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mga oshdi. Soha eksporti esa o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra $1,2 milliardni tashkil etdi.
2040-yilgacha yiliga 280 mingta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan
Yil boshida qabul qilingan dasturga muvofiq, 2040-yilgacha quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingta uy-joy barpo etish rejalashtirilgan. «Yangi O‘zbekiston» massivlari soni esa 61 tadan 120 taga yetkaziladi.
Hozirda har yili 20–25 million kvadrat metr tijorat binolari foydalanishga topshirilmoqda. Uy-joy va tijorat obyektlarining o‘zi yiliga kamida $10 milliardlik qurilish materiallariga talab yaratmoqda.
Shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumida $27 milliardlik infratuzilma loyihalari taklif etilgan bo‘lib, ular orasida Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatidagi 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqdagi 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, 55 ming o‘rinli stadion hamda 282 kilometrli Toshkent–Samarqand yo‘li ham bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namangan aeroportida 175 mln dollarlik yangi terminal qurilayotgani haqida yozgandi.