
Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turida Shotlandiya va Braziliya terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Ushbu uchrashuvda Vinisius Juniorning ikkita goli evaziga Braziliya 3:0 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuv kutilganidek Braziliya terma jamoasining ustunligi ostida boshlandi. Janubiy Amerikaliklar ilk daqiqalardanoq hujumkor o‘yin namoyish etib, raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi.
Bu bosim tez orada o‘z samarasini berdi. 7-daqiqada Rayan tomonidan yetkazib berilgan to‘pni Vinisius Junior aniq zarba bilan darvozaga joylab, o‘yindagi hisobni ochdi.
Birinchi bo‘lim yakunlanishiga qadar ustunlikni qo‘ldan boy bermagan Braziliyaliklar hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirishga erishdilar. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 45+3-daqiqada Bruno Gimarayshning ajoyib uzatmasidan so‘ng, Vinisius Junior yana bir bor o‘z mahoratini ko‘rsatib, uchrashuvdagi dublini nishonladi.
Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida yana o‘sha Bruno Gimarayshning pasidan so‘ng Mateus Kunya aniq zarba yo‘llab, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Shotlandiya hisobni qisqartirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Braziliya himoyasi ishonchli harakat qildi. Natijada uchrashuv so‘nggiga qadar hisob o‘zgarmadi.

Ushbu g‘alaba orqali Braziliya terma jamoasi o‘z ochkolari sonini 7 taga yetkazib, «C» guruhida birinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq Kursiv nashri Bosniya Qatarni mag‘lub etib, guruhda uchinchi o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edi.