Yangiliklar

2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmi ikki barobarga qisqartiriladi

So‘nggi ikki yilda bu ko‘rsatkich 35 foizdan 23 foizgacha qisqardi
2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmi ikki barobarga qisqartiriladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobarga qisqartirish uchun yangi raqamli nazorat tizimi joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev mazkur sohaga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi

Qayd etilishicha, keyingi yillarda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus va hududiy komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Soliq va bojxona organlarida xavf tahlili hamda segmentlash tizimlari joriy etildi, qonunchilikdagi yashirin aylanmalarga imkon berayotgan qator bo‘shliqlar bartaraf etildi, qonunga itoatkor tadbirkorlarni rag‘batlantirish choralari kuchaytirildi.

Natijada so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha qisqardi. Budjetga qo‘shimcha 38 trln so‘m undirildi, rasmiy band aholi soni 8,5 mln nafardan oshdi, o‘rtacha rasmiy ish haqi esa qariyb 6,5 mln so‘mga yetdi.

Qaysi sohalarda yashirin iqtisodiyot yuqori

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi ayrim tarmoqlarda yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trln so‘mni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 24,5 trln so‘mni, qurilishda 23,9 trln so‘mni, sanoatda esa 6,7 trln so‘mni tashkil etgan.

2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobarga qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 mln nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini esa 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.

«Yashirin iqtisodiyot xaritasi» platformasi

Taqdimotda Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan «Yashirin iqtisodiyot xaritasi» platformasi imkoniyatlari haqida axborot berildi.

Platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta ma’muriy hudud hamda 208 ta tuman va shahar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfini aniqlaydi. Buning uchun 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari platformaga integratsiya qilingan bo‘lib, ma’lumotlar real vaqt rejimida tahlil qilinadi.

Tahlillar asosida hududlar va sohalar avtomatik ravishda «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. Tizim litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanmani, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini yashirish, rentabellik hamda foydani sun’iy kamaytirish kabi xavflarni avtomatik aniqlaydi.

Mas’ullarga topshiriqlar

Mas’ullarga 1-oktabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1-yanvarga qadar esa barcha hudud va sohalarni mazkur platforma bilan to‘liq qamrab olib, uni to‘liq ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda prokuror nazoratini yanada kuchaytirish vazifasi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yiliga bitta avtoimport qilish cheklovi bekor qilinishi bozorga qanday ta’sir qilishi haqida yozgan edik.