
Air India aviakompaniyasi uchuvchisi Dehlidan Amritsarga yo‘l olgan samolyot qisqa muddatga Pokiston havo hududiga kirib ketganidan so‘ng parvozlardan chetlatildi.
Hodisa 22-iyun kuni kechasi sodir bo‘lgan. Hindiston fuqaro aviatsiyasi regulyatori — DGCA ma’lumotiga ko‘ra, uchuvchi Airbus A321 samolyotini boshqarayotgan bo‘lgan. Samolyot Amritsar aeroportiga yaqinlashayotgan vaqtda uchuvchiga kutish rejimida qolish topshirilgan, chunki uchish-qo‘nish yo‘lagi qush bilan to‘qnashuv holati haqidagi xabardan so‘ng tekshiruvdan o‘tkazilayotgan edi.
Kechikish vaqtida samolyot qo‘nishga kirishgan va radar orqali yo‘naltirish jarayonida 22:08 da qisqa muddatga Pokiston havo hududiga kirib ketgan.
DGCA bayonotida aytilishicha, samolyot Pokiston havo hududiga qisqa vaqtga kirgan va holat Pokiston aviatsiya dispetcherlik xizmati bilan muvofiqlashtirilgan. Keyin samolyot Dehliga qaytarilgan va u yerga xavfsiz qo‘ngan.
Regulyator hodisa haqida o‘z vaqtida xabar bermagani uchun parvoz ekipaji va Amritsar aeroportidagi aviadispetcherga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Rasmiylar nima deydi
Air India ham hodisani tasdiqladi. Aviakompaniya bayonotida AI479 reysini bajargan ekipaj Amritsar aeroportida qayta qo‘nish manyovrini amalga oshirish vaqtida Pokiston havo hududiga ozgina kirib ketgani qayd etildi.
«Hodisa tartibga soluvchi organlarga xabar qilingan va ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda», — deyiladi Air India bayonotida.
Hindiston OAV ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot manyovr vaqtida Pokiston havo hududiga taxminan uch mil masofaga kirgan. Pokiston 2025-yil aprelida Hindiston aviakompaniyalari uchun o‘z havo hududini yopgan edi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik keskinlik kuchaygani fonida yuz bergan va keyinchalik to‘rt kunlik harbiy mojaro bilan yakunlangan.
Avvalroq «Kursiv» Pokiston Afg‘oniston hududiga zarba bergani haqida yozgan edi.