Yangiliklar

Asqar Akayev: Karimovga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lardim

Karimov davrida O‘zbekistonning tashqi dunyoga nisbatan yopiqroq iqtisodiy siyosati Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun imkoniyat yaratgan
Asqar Akayev: Karimovga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lardim
Foto: TASS

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov haqida fikr bildirib, unga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lishini aytdi. Bu haqda u yaqinda e’lon qilingan podkastda gapirgan.

Akayevning fikricha, Karimov davrida O‘zbekistonning tashqi dunyoga nisbatan yopiqroq iqtisodiy siyosati Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun imkoniyat yaratgan.

Uning aytishicha, agar O‘zbekiston o‘sha davrda hozirgi Shavkat Mirziyoyev davridagidek ochiq siyosat yuritganida, qirg‘iz tadbirkorlari o‘zbek biznesi bilan raqobat qila olmas edi.

Akayev podkastda qirg‘izlar mustaqillikdan keyin savdo-sotiqni tez o‘zlashtirganini katta muvaffaqiyat deb atadi. U 1990-yillarda prezident bo‘lgan davrida qirg‘izlar bozor mexanizmlariga moslasha oladimi yoki yo‘qmi, degan savol uni ko‘p o‘ylantirganini aytdi.

Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda u bozor iqtisodiyotiga o‘tilsa, o‘zbek tadbirkorlari butun Markaziy Osiyoda ustunlik qilishi mumkin, deb hisoblagan. Aqayev buni o‘zbeklarning Sovet davridayoq savdo va bozor munosabatlariga tayyor bo‘lgani bilan izohlagan.

«Biz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U o‘zbeklarni O‘zbekiston ichida dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu orqali qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratdi. Men shu uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim», — dedi Akayev.

Akayev kim?

Asqar Akayev Qirg‘izistonning mustaqillikdan keyingi birinchi prezidenti hisoblanadi. U 1990-yilda Qirg‘iziston parlamenti tomonidan prezident etib saylangan. Avvaliga u xalqaro maydonda demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi rahbar sifatida ko‘rilgan, biroq keyingi yillarda saylovlarning adolatli o‘tmagani, hokimiyatning markazlashuvi va oila a’zolarining davlat boshqaruvidagi roli yuzasidan tanqidlar kuchaygan.

2005-yildagi «Lola inqilobi»dan keyin Akayev hokimiyatni tark etib, Rossiyaga ketgan. U shundan beri Moskvada yashab keladi.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham o‘z xotiralarida Karimovni «murakkab shaxs» deb ta’riflagan. Uning yozishicha, ikki rahbar chegara va boshqa mintaqaviy masalalar yuzasidan ko‘plab muzokaralar olib borgan, qarashlardagi farqlarga qaramay, ayrim muhim masalalarda kelishuvga erishilgan.

Avvalroq «Kursiv» Lola Karimova turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.