
Bitkoin narxi payshanba kuni ilk bor 21 oylik eng past darajaga tushdi. Forbesga ko‘ra, bunga kripto bozoridagi umumiy pasayish va yaqin kunlarda muddati tugaydigan yirik opsion bitimlari sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, investorlar so‘nggi vaqtda sun’iy intellekt bilan bog‘liq kompaniyalar aksiyalari va yirik texnologik kompaniyalar joylashtiruvlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bu esa qisqa muddatda Bitkoin jozibadorligini pasaytirgan.
Bitkoin narxi qancha bo‘ldi
Payshanba kungi savdolarda Bitkoin narxi bir muddat $58,1 minggacha pasaydi. Bu 2024-yil sentabridan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Keyinroq narx biroz tiklanib, taxminan $59,5 ming atrofida shakllandi. So‘nggi bir kunda Bitkoin 2,6 foizdan ko‘proqqa arzonlagan.
Boshqa kriptovalyutalar ham pasaydi
Bitkoin ortidan boshqa yirik kriptovalyutalar ham arzonladi. So‘nggi haftada Bitkoin 6,6 foizga tushgan bo‘lsa, Ethereum 9%, BNB 6%, XRP 10,8%, Solana 6,5% va Dogecoin 12,6 foizga pasaygan.
Bu holat kripto bozorida umumiy sotuv bosimi kuchayayotganini ko‘rsatmoqda.
$10 mlrdlik opsionlar muddati tugamoqda
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni Deribit platformasida Bitkoin bo‘yicha qariyb $10 mlrdlik opsionlar muddati tugaydi. Deribit dunyodagi eng yirik kripto opsionlari maydonlaridan biri hisoblanadi.
Bunday katta hajmdagi bitimlar muddati tugashi bozorda qo‘shimcha o‘zgaruvchanlikni keltirib chiqarishi mumkin. Investorlar eski pozitsiyalarni yopishi yoki yangi savdolar ochishi ehtimoli bor.
Rekorddan beri 54 foizga arzonladi
Bitkoin oktabr oyida $126 mingdan yuqori tarixiy rekordga chiqqan edi. Payshanba kungi minimum bilan solishtirganda, kriptovalyuta qiymati o‘sha cho‘qqidan qariyb 54 foizga pasaygan.
Shu davrda global kripto bozorining umumiy qiymati ham keskin kamaydi. CoinMarketCap ma’lumotlariga ko‘ra, bozor hajmi $4,28 trlndan $2 trlngacha tushgan.
Investorlar SI va boshqa aktivlarga o‘tmoqda
Tahlilchilarga ko‘ra, Bitkoin narxiga investorlar e’tiborining sun’iy intellekt, texnologiya va boshqa yirik kompaniyalar aksiyalariga burilayotgani ham ta’sir qilmoqda.
BlackRock raqamli aktivlar bo‘limi rahbari Robert Mitchnick AI sohasiga qiziqish kuchaygani Bitkoindan kapital oqimini olib ketayotganini aytgan.
Bozorda «ayiq kayfiyati» kuchaymoqda
Bitkoin o‘zining 200 haftalik o‘rtacha narxidan pastga tushgani aytilmoqda. Bu esa bozor ishtirokchilari orasida pasayish tendensiyasi kuchayganidan darak berishi mumkin.
Tahlilchilar fikricha, kripto bozori 2025-yil oxiridagi kuchli o‘sishdan keyin sovimoqda. Endi investorlar Bitkoin va boshqa kriptovalyutalardan ko‘ra, AI bilan bog‘liq kompaniyalar va yirik texnologik aktivlarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan Unex Payments kompaniyasiga kriptodo‘kon faoliyatini yuritish uchun litsenziya berilgandi. Shu tariqa, kompaniya O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritayotgan 13-kriptodo‘konga aylandi.