Lifestyle

Homiladorlikda ovqatlanish: qaysi trimestrda nima yeyish kerak

Homiladorlikda ovqatlanish, vitaminlar qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashi
Homiladorlikda ovqatlanish: qaysi trimestrda nima yeyish kerak / Foto: Motherhood Hospital

Homiladorlik davrida ovqatlanish faqat onaning holati uchun emas, balki homila rivojlanishi uchun ham muhim. Homiladorlikning har bir bosqichida organizm ehtiyoji o‘zgaradi. Birinchi trimestrda folat, xolin, yod va kalsiy; ikkinchi trimestrda temir, B12, C vitamini va folat; uchinchi trimestrda esa omega-3, suyuqlik va minerallarga e’tibor kuchayadi. Ushbu maqolada har bir davrda iste’moli tavsiya etiladigan mahsulotlarning eng muhimlari sanab o‘tilgan.

Foto: YouTube

Birinchi trimestr: miya, yurak va suyaklar uchun

Homiladorlikning 1–13-haftalari birinchi trimestr hisoblanadi. Bu davrda homilaning miya, orqa miya, yurak, ichki a’zolar, tish va suyaklari shakllana boshlaydi. Shu sababli ratsionda folat, xolin, yod va kalsiyga boy mahsulotlar bo‘lishi muhim.

Xolin uchun tuxum sarig‘i va qora loviya, folat uchun avokado, mango va apelsin tavsiya qilingan. Sardina, brokkoli va kunjut urug‘i kalsiy manbai hisoblanadi. Yod uchun esa baliq va tabiiy yog‘li yogurt iste’mol qilish lozim.

Foliy kislotasi homiladorlikning ilk bosqichida ayniqsa muhim: CDC ma’lumotiga ko‘ra, foliy kislotasi hujayralar hosil bo‘lishiga yordam beradi va kuniga 400 mikrogramm foliy kislotasi qabul qilish nerv naychasi nuqsonlari xavfini kamaytirishi mumkin.

Foto: Mama Natural

Ikkinchi trimestr: qon hajmi va temirga ehtiyoj

14–27-haftalar ikkinchi trimestr hisoblanadi. Bu davrda homila tez o‘sadi, onaning qon hajmi ham ortadi. Bu bosqichda temir, B12 vitamini, C vitamini va folatga boy mahsulotlarga e’tibor berish zarur.

Temir va B12 uchun mol go‘shti, folat uchun sparja va lavlagi, C vitamini uchun kivi, qizil bulg‘or qalampiri va guava iste’moli tavsiya etiladi. Temir va folat manbai sifatida kinoa va no‘xat ham tavsiya qilingan.

Bu davrda temir tanqisligi charchoqni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun temirga boy mahsulotlarni C vitamini bilan birga iste’mol qilish foydali bo‘lishi mumkin, chunki C vitamini temirning o‘zlashtirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: In.pampers

Uchinchi trimestr: omega-3, suyuqlik va suyak o‘sishi

28-haftadan tug‘ruqqacha bo‘lgan davr uchinchi trimestrdir. Mazkur bosqichda homilaning miya rivojlanishi va suyak o‘sishi faol kechishi aytiladi. Shu sababli omega-3 yog‘ kislotalari, suyuqlik va minerallarga e’tibor berish kerak.

Omega-3 uchun zig‘ir urug‘i, yong‘oq, losos va sardina iste’mol qilish zarur. Zig‘ir urug‘i va yong‘oq ALA manbai, losos va sardina esa DHA hamda EPA manbai hisoblanadi. ALA — o‘simliklardan olinadigan omega-3, DHA va EPA esa asosan baliq va dengiz mahsulotlaridan olinadigan, organizmga osonroq foyda beradigan omega-3 yog‘ kislotalaridir.

Tug‘ruqqa tayyorgarlik davrida xurmo, qizil malina bargidan choy, kokos suvi va qora shokolad ham tavsiya etiladi. Biroq bunday mahsulotlar, ayniqsa, o‘simlik choylarini shifokor bilan maslahatlashib iste’mol qilingani ma’qul.

Foto: Mamy Poko

Ko‘ngil aynishi bo‘lsa-chi

Homiladorlikning boshida ko‘ngil aynishi va qayt qilish ko‘p uchraydi. Bunday holatda zanjabil choyi, olma pyuresi, xamirturushli non, oddiy tovuq go‘shti, banan, shirin kartoshka va kun davomida kichik porsiyalarda ovqatlanish foydali bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, achchiq taomlar, gazli ichimliklar va qahva ba’zi odamlarda holatni og‘irlashtirishi mumkin. Tabiiyki, hammada bir xil emas: kimdadir qahva yoki achchiq ovqat ta’sir qilmasligi, boshqalarda esa ko‘ngil aynishi yoki jig‘ildon qaynashini kuchaytirishga olib keladi.

Foto: ThriveOB

Qabziyat kuzatilsa

Qabziyat ko‘p hollarda uchinchi trimestrda kuchayishi mumkin. Homilaning kattalashishi ichaklarga bosim berishi va progesteron gormoni hazm jarayonini sekinlashtirishi bunga sabab bo‘ladi.

Qabziyatda yogurt, tuzlangan karam, yetarli suv ichish, asta-sekin kletchatkani ko‘paytirish, yengil harakat qilish, kivi, bodring, tuxum va zanjabil tavsiya qilinadi. Bunda eng muhim jihat — kletchatkani birdan ko‘paytirmaslik. Aks holda qorin dam bo‘lishi yoki noqulaylik paydo bo‘lishi mumkin.

Foto: CDC

Prolaktinni qo‘llab-quvvatlash: emizishga tayyorgarlik

Prolaktin homiladorlik davomida oshib boradi va tug‘ruqqa yaqin yuqori darajaga chiqadi. Prolaktin ko‘krak suti ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq asosiy gormonlardan biri hisoblanadi.

Ushbu davrda sarimsoq, suli yormasi, arpa, zig‘ir urug‘i, kunjut, ko‘katlar, bodom, no‘xat va qovoq urug‘i tavsiya etiladi. Bular umumiy ovqatlanishda foydali mahsulotlar bo‘lishi mumkin, ammo sut ko‘paytirish bo‘yicha aniq muammo bo‘lsa, shifokor yoki laktatsiya bo‘yicha mutaxassis bilan maslahatlashish zarur.

Foto: Presbyterian Hospital

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak

Homiladorlikda ayrim mahsulotlar oziq-ovqatdan zaharlanish yoki homila rivojlanishiga zarar yetkazish xavfini oshirishi mumkin. Xom yoki yetarlicha pishmagan go‘sht va tuxum, sushi, steyklar yoki hot-dog, brie va feta kabi yumshoq pishloqlar, ortiqcha kofein, simob miqdori yuqori bo‘lishi mumkin bo‘lgan baliqlar, xom ko‘kat nihollari va mosh nihollari iste’mol uchun xavfli hisoblanadi.

Homiladorlik davrida ovqat tanlashda faqat foydali mahsulotlarga emas, balki xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarga ham e’tibor berish kerak. Ayniqsa yoz oylarida bozorlarda erta pishgan tarvuz-qovun, yaxshi yuvilmagan ko‘katlar, ko‘cha sharoitida saqlangan salatlar va muzqaymoqlar ko‘p uchraydi. Bunday mahsulotlar ba’zan ichak infeksiyasi, zaharlanish yoki ortiqcha kimyoviy moddalar xavfini oshirishi mumkin.

Foto: TheBump

Shuningdek, homiladorlikda ko‘cha ovqatlaridan ehtiyot bo‘lish kerak. Ayniqsa yozda mayonezli salatlar, go‘shtli mahsulotlar, lavash, gamburger, hot-dog, somsa yoki qiymali taomlar noto‘g‘ri saqlansa, tez buzilishi mumkin. Go‘sht yaxshi pishmagan bo‘lsa yoki mahsulot uzoq vaqt issiqda turgan bo‘lsa, zaharlanish xavfi ortadi.

Mazkur tavsiyalar umumiy ma’lumot sifatida qabul qilinishi kerak. Homiladorlikda ovqatlanish, vitaminlar yoki qo‘shimchalar bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish muhim. Ayniqsa kamqonlik, qalqonsimon bez muammosi, allergiya, diabet yoki boshqa holatlar bo‘lsa, ko‘rikni kechiktirmaslik lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq homilador ayol bir kunda qancha uxlashi kerakligi haqida yozgan edik.