Yangiliklar

Ijtimoiy himoya muassasalari xodimlari 120 foizgacha ustama oladi

Ko‘p yillik faoliyat uchun ustama to‘lanadi
2025-yilning dastlabki 9 oyida real ish haqi 9,1 foizga o‘sdi
Foto: depositphotos

Ijtimoiy himoya muassasalari xodimlari 120 foizgacha ustama oladi. Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Qaysi muassasalar qamrab olinadi

Yangi tartib ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlariga taalluqli.

Shuningdek, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylardagi ayrim lavozimlar ham ushbu tartibga kiradi.

Qaysi lavozimlar uchun haq to‘lash razryadlari belgilanadi

Hujjatda direktor, bosh vrach, direktor yoki bosh vrach o‘rinbosarlari, tibbiyot ishlari bo‘yicha o‘rinbosar, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor va ijtimoiy xodimlarning mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilangan.

Ko‘p yillik faoliyat uchun ustama to‘lanadi

Mazkur muassasalarning ayrim xodimlariga ko‘p yillik faoliyati uchun har oy qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ustama miqdori ish stajiga qarab belgilanadi. Jumladan, 1 yildan 3 yilgacha ishlaganlarga 30%, 3 yildan 5 yilgacha ishlaganlarga 60%, 5 yildan 10 yilgacha ishlaganlarga 80% ustama beriladi.

10 yildan 15 yilgacha ish stajiga ega xodimlar 100%, 15 yil va undan ortiq ishlaganlar esa 120% miqdorida ustama oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslarga berilgan uy-joylarni xususiylashtirish masalasiga izoh bergandi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, maqsadli kommunal uy-joy fondiga kiruvchi turar joylar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufida emas. Agentlik davlat uy-joy fondini xususiylashtirish masalalarini hal qilish vakolatiga ega emas.