Yangiliklar

Kongoda Ebola virusidan vafot etganlar soni 304 nafarga yetdi

So‘nggi 24 soat ichida 5 ta o‘lim holati kuzatilgan
Kongoda Ebola virusidan vafot etganlar soni 304 nafarga yetdi / Foto: LA Times

Kongo Demokratik Respubliksida Ebola virusi yuqtirgani tasdiqlanganlar soni 1155 nafarga yetgan. Ulardan 304 nafari vafot etgan, deya xabar bermoqda Reuters.

Kongo hukumati Ebola virusini yuqtirganlar va qurbonlar bo‘yicha 24-iyun holatidagi hisobot e’lon qildi. So‘nggi 24 soat ichida esa yana 37 ta yangi kasallanish va 5 ta o‘lim holati kuzatilgan.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislarining ta’kidlashicha, epidemiologik va biologik kuzatuv choralarining kuchaytirilishi kasallanish holatlarini ertaroq aniqlash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, hisobotda virusning aholi orasida tarqalishi haftadan haftaga ortib borayotgani ham tasdiqlangani qayd etilgan.

Foto: RNZ

Ebola — yuqori o‘lim xavfiga ega virusli kasallik bo‘lib, u kasallangan odamning qon va boshqa biologik suyuqliklari bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqadi. Shu sababli sog‘liqni saqlash idoralari kasallikni erta aniqlash, bemorlarni izolyatsiya qilish va kontaktlarni kuzatishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Kongressdan Ebola virusiga qarshi kurash uchun $1,4 mlrd ajratishni so‘ragan edi.