Yangiliklar

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi

Adliya vazirligi qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi
Foto: Getty Images

Adliya vazirligi qimmatli qog‘ozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifadia ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, repo bitimi — aksiya, obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni oldindan kelishilgan muddat hamda narxda qayta sotib olish sharti bilan amalga oshiriladigan bitim hisoblanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, bunday bitimlar fond birjalari va birjadan tashqari savdo tashkilotchilarining elektron savdo tizimlari orqali tuziladi. Bitim ikki bosqichdan iborat bo‘lib, dastlab qimmatli qog‘ozlar sotiladi, so‘ng belgilangan muddatda avtomatik ravishda qayta sotib olinadi.

Shuningdek, elektron savdo tizimi repo bitimini buyurtma va uni qabul qilish asosida avtomatik rasmiylashtiradi hamda ikkinchi bosqich ijrosi haqida tomonlarni bir kun oldin xabardor qiladi. Tizim bitim bajarilishidan avval pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlarning yetarliligini tekshiradi, savdo tashkilotchilari esa repo bitimlari bo‘yicha alohida hisob yuritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kapital bozorni rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida yozgandi.