
O‘zbekistonda avtomobil importiga oid muhim cheklovlardan biri bekor qilindi. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar texnik talablarni bajargan holda yil davomida bir nechta avtomobil olib kirishi mumkin bo‘ladi. Mazkur qaror avtomobil bozorida raqobatning kuchayishi, tanlov imkoniyatlarining kengayishi va ayrim segmentlarda narxlar shakllanishiga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Kursiv Uzbekistan mutaxassislar fikrini o‘rganib, bu o‘zgarishni bozorni liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanayotganini keltirib o‘tdi. Biroq uning real natijalari haqida turli qarashlar mavjud. Ayrim ekspertlar keskin o‘zgarishlar bo‘lmasligini aytmoqda, boshqalar esa import hajmi va raqobat sezilarli darajada ortishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Cheklov nima maqsadda joriy qilingan edi
2017-yildan buyon amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar avtomobil importi uchun muvofiqlik sertifikatini yiliga bir marta olishi mumkin edi. Natijada bu talab amalda bir yil davomida faqat bitta avtomobil olib kirish imkoniyatiga aylangan.
Iqtisodchi Nodirbek Sherg‘oziyevning fikricha, rasmiy izohlar texnik xavfsizlik va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘langan bo‘lsa-da, amalda boshqa omillar ham mavjud bo‘lgan.
«Bir yilda bitta avtomobil import qilish cheklovi texnik reglament va muvofiqlik sertifikati tizimi orqali joriy etilgan edi. Jismoniy shaxslarga ushbu sertifikat yiliga faqat bir marta berilgani sababli bu amalda bir yil davomida faqat bitta avtomobil olib kirish imkoniyatiga aylangan. Rasmiy izohlarda iste’molchilarni kafolat va servis xizmatlariga ega bo‘lmagan avtomobillardan himoya qilish zarurati keltirilgan bo‘lsa-da, amalda ushbu tartib mahalliy bozorni himoya qilish hamda shaxsiy ehtiyoj uchun deb ko‘rsatilayotgan, biroq tijorat maqsadida olib kirilayotgan avtomobillar importini cheklash vazifasini ham bajargan», — deya keltirib o‘tdi Sherg‘oziyev.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i Ikboljon Kasimov ham cheklovning asosiy maqsadlari avtomobillar importini nazorat qilish, texnik va ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlash hamda ichki bozordagi talabni tartibga solishdan iborat bo‘lganini ta’kidlaydi.
Import hajmi oshadimi
Ekspertlar fikricha, yangi tartib import hajmining o‘sishiga xizmat qiladi. Biroq bu o‘sishning aniq ko‘lami boshqa omillarga ham bog‘liq bo‘ladi.

Nodirbek Sherg‘oziyevning qayd etishicha, eng muhim o‘zgarishlardan biri importchilar doirasining kengayishidir.
«Import hajmi qanchaga oshishini aniq aytish qiyin. Buning uchun ko‘proq kuzatuv va hisob-kitoblar kerak bo‘ladi. Biroq ta’sir mexanizmlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda diversifikatsiyasi sodir bo‘ladi. Endi faqat rasmiy dilerlik maqomiga ega kompaniyalar emas, rasmiy diler bo‘lmagan importchilar ham cheklovlarsiz avtomobil olib kirishi mumkin. Avval ham avtomobillarni boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirish orqali olib kirish holatlari uchrab turgan. Yangi tartib esa bunday norasmiy byurokratik xarajatlar va vaqt yo‘qotishlarini kamaytiradi», — deydi Sherg‘oziyev.
Ekspertning fikricha, taklifning ortishi ayrim segmentlarda narxlarni pasaytirishi mumkin, biroq bojxona bojlari, QQS va utilizatsiya yig‘imi saqlanib qolayotgani sababli katta o‘zgarishlar kutilmasligi kerak.
Ikboljon Kasimov esa yangi tartib natijasida xorijiy avtomobillar, ayniqsa elektromobillar va gibridlar bozorda ko‘proq paydo bo‘lishini kutmoqda.
«O‘zbekistonda xorijiy avtomobillarga talab doimiy yuqori bo‘lganligidan kelib chiqqan holda, yangi tartibdan keyingi ehtimoliy ssenariylarga ko‘ra qisqa muddatda importchilar soni ortishi, ilgari cheklov sabab kira olmagan avtomobillar bozorda paydo bo‘lishi va ayniqsa Xitoy elektromobillari, gibridlar va o‘rta narx segmentidagi avtomobillar ko‘payishi ehtimoldan holi emas. Mening taxminlarimga ko‘ra import hajmi o‘rtacha 10–30 foiz atrofida ortadi».
Narxlarga ta’siri qanday bo‘ladi
Yangi tartibning iste’molchilar uchun eng muhim jihati uning avtomobil narxlariga ta’siri bilan bog‘liq.
Nodirbek Sherg‘oziyev keskin arzonlashuv bo‘lishiga shubha bilan qaraydi. Uning fikricha, ayrim segmentlarda, xususan elektromobillar, gibridlar va nisbatan qimmatroq avtomobillarda ma’lum darajada pasayish kuzatilishi mumkin. Biroq budjet segmentidagi avtomobillarda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi ehtimoli past.
Ikboljon Kasimov esa raqobatning ortishi narxlarga ijobiy ta’sir qilishini ta’kidlaydi.
«Albatta, ushbu cheklovning bekor qilinishi bozordagi yangi avtomobillar narxlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni narxlarning tushishi raqobatning kuchayishi, avval cheklangan miqdorda kirgan avtomobillar ortishi hamda sotuvchilarning yuqori ustama qo‘yish imkoniyatini kamayishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, ikkinchi qo‘l avtomobil bozori ham o‘zgaradi chunki import ortishi bilan eski avtomobillar narxiga bosim kuchayadi.»
Shu bilan birga, ekspert bojxona xarajatlari, valyuta kursi va logistika xarajatlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, narxlarning keskin tushishini kutmaslik kerakligini ham qayd etadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bu qanday signal?
Cheklovning bekor qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi raqobat muhitini shakllantiradi. Biroq ekspertlar bu jarayonning ko‘lami haqida turlicha fikr bildirmoqda.
Nodirbek Sherg‘oziyev ushbu qarorni mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun «boshqariladigan xavf» deb baholaydi.
«Bu qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun boshqariladigan xavf hisoblanadi. Avtomobil importidagi son bo‘yicha cheklov bekor qilingan bo‘lsa-da, boshqa to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, boj to‘lovlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i va utilizatsiya yig‘imi kabi xarajatlar amalda import qilinadigan avtomobillar narxiga ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Shu bois bu to‘lovlar ma’lum ma’noda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qiluvchi omil bo‘lib qolaveradi».
Ikboljon Kasimov esa mahalliy korxonalar uchun raqobat bosimi kuchayishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, import avtomobillari narx va sifat jihatidan jozibador bo‘lsa, ayrim xaridorlar tanlovi o‘zgarishi mumkin. Shu bilan birga, bu holat ishlab chiqaruvchilarni sifatni yaxshilash, yangi modellarni tezroq taqdim etish va texnologik yangilanishga undaydi.
«Sog‘lom raqobat muhiti odatda ishlab chiqarish samaradorligi, sifat yaxshilanishi, yangi modellarning tezroq yaratilishi va eksportga yo‘naltirilishning kuchayishi bilan uzviy bog‘liq».
Mutaxassislar fikridan kelib chiqadigan bo‘lsak, yiliga bitta avtomobil import qilish cheklovining bekor qilinishi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi eng muhim liberallashuv qarorlaridan biri bo‘ldi. Qaror importchilar imkoniyatlarini kengaytiradi, avtomobil tanlovini oshiradi va ayrim segmentlarda raqobatni kuchaytiradi.
Biroq ekspertlar bir masalada yakdil: avtomobil importidagi asosiy moliyaviy to‘siqlar — bojxona bojlari, QQS, utilizatsiya yig‘imi va logistika xarajatlari saqlanib qolayotgan ekan, bozorda keskin o‘zgarishlar yoki narxlarning ommaviy ravishda tushib ketishini kutish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, elektromobillar va gibrid avtomobillar segmentida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi, uzoq muddatda esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada raqobatbardosh bo‘lishga undashi mumkin. Bu esa avtomobil bozorining keyingi rivojlanish bosqichi uchun muhim omillardan biri bo‘lib qoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xavfsizlik kamarini taqmaslik bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma endi onlayn berilishi haqida yozgandi.