Lifestyle

Tayvanda mingdan oshiq tarvuzlar karnavali o‘tkazildi — foto

Jiadun Tayvanning «tarvuzlar vatani» hisoblanadi
Tayvanda mingdan oshiq tarvuzlar karnavali o‘tkazildi
Foto: Taipei Times

Tayvanning Jiadun qishlog‘ida Ajdarho qayiqlari festivali munosabati bilan an’anaviy tarvuzlar karnavali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Taipei Times nashri xabar berdi.

Bayram uchun mahalliy aholi mingdan ortiq tarvuzni turli usullarda bezatib, namoyishga qo‘ydi.

1100 dan ortiq kishi ishtirok etdi

Foto: Taipei Times

Tadbirda 1100 dan ortiq kishi qatnashdi. An’anaga ko‘ra, Ajdarho qayiqlari festivali kuni odamlar omad tilab tuxumni tik holatda qo‘yishga harakat qiladi. Biroq Pindun okrugidagi Jiadun qishlog‘ida bu odat o‘zgacha talqin qilinadi — bu yerda tuxum o‘rniga tarvuzlardan foydalaniladi.

Tayvandagi tarvuzlarning 60 foizi shu hududda yetishtiriladi

Foto: Taipei Times

Mazkur an’ana bejiz paydo bo‘lmagan. Jiadun Tayvanning «tarvuzlar vatani» hisoblanadi. Qishloq atrofida orolda yetishtiriladigan barcha tarvuzlarning qariyb 60 foizi yetishtiriladi.

Mahalliy aholi karnaval orqali nafaqat o‘ziga xos madaniyatini namoyish etadi, balki tarvuzchilikni ham ommalashtiradi. Shu sababli har yili mamlakatning turli hududlaridan sayyohlar Jiadunga tashrif buyuradi.

Tarvuz dunyosining ko‘chmanchilari

Jiadun aholisining aksariyati tarvuz yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Fermerlar Tayvanning turli hududlaridagi daryo bo‘ylarida tarvuz ekib, hosilni yana qishloqqa olib kelib sotadi. Shu sababli ular «tarvuz dunyosining ko‘chmanchilari» degan nom bilan ham tanilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bloger Gonzo festivaldagi mojaro ortidan hibsga olingani haqida yozgandi.