Lifestyle

To‘rt erkak eshkakli qayiqda Tinch okeanini bosib o‘tdi

53 kun davomida
To‘rt erkak eshkakli qayiqda Tinch okeanini bosib o‘tdi
Foto: @rowwestpacific

AQShning Vashington shtatidan yo‘lga chiqqan to‘rt nafar sayohatchi 53 kun davomida eshkakli qayiqda harakatlanib, 5 ming kilometrga yaqin (3100 mil) masofani bosib o‘tib, Gavayi orollaridagi Maui oroliga yetib bordi. Bu haqda Hawaii News Now nashri xabar berdi.

Motor va yelkansiz sayohat

Sayohatchilar 2-may kuni yo‘lga chiqqan bo‘lib, ular safar davomida motor, yelkan yoki kuzatuv kemasisiz faqat o‘z kuchiga tayangan. Jamoa 24-iyun kuni Kahului bandargohiga yetib kelgan va ularni yaqinlari hamda do‘stlari kutib olgan.

53 kunlik sinov

Jamoa a’zolaridan Greg Andersonning aytishicha, bir necha haftadan so‘ng okeandagi hayot bir xil to‘lqinlar, ob-havo va mashaqqatlar takrorlanadigan kunlarga aylangan.

Yana bir ishtirokchi Joshua Dyuks esa eng og‘ir sinov jismoniy zo‘riqish emas, balki sovuq, kuchli tabiat sharoiti va uyqusizlik bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun davomida oyoqlari uvishib qolgani sabab u panjalarini umuman his qilmagan.

Safar xayriya maqsadiga xizmat qildi

Sayohat davomida jamoa dunyo bo‘ylab odam savdosiga qarshi kurashuvchi Aerial Recovery nodavlat tashkiloti uchun xayriya mablag‘lari yig‘di.

Safar yana bir ishtirokchi — dengiz piyodalari faxriysi va ultramarafonchi Jonni Martines uchun unutilmas voqeaga aylandi. U Maui oroliga yetib kelgach, sevgilisiga turmush qurishni taklif qildi va ijobiy javob oldi.

Jamoaning yana bir a’zosi Uilton Ngotel esa 53 kunlik sayohatdan so‘ng eng ko‘p sog‘ingan taomi guruch bo‘lganini aytib, hazil tariqasida: «53 kun guruchsiz yashash orollik odam uchun haqiqiy sinov ekan», deya ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.