Yangiliklar

Toshkentda 5 yoshli qizaloq hojatxonaga tushib ketdi

Hozirda qizaloqning ahvoli yaxshi
Toshkentda 5 yoshli qizaloq hojatxonaga tushib ketdi / Foto: FVV

Toshkent shahrida ehtiyotsizlik oqibatida hojatxonaga tushib ketgan 5 yoshli qizaloq FVV qutqaruvchilari tomonidan qutqarildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hodisa 25-iyun kuni soat 17:33 da Toshkent shahrining Yunusobod tumani, «Obiravon» ko‘chasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda tug‘ilgan qizaloq ehtiyotsizlik va nazoratsiz qolishi oqibatida hovlidagi hojatxonaga tushib ketgan. Hodisa haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar berilgan.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan qutqaruvchilar qutqaruv ishlarini boshlagan. Ulardan biri hojatxona chuquriga tushib, qizaloqni xavfsiz tarzda olib chiqqan.

Shifokorlar tomonidan bolaga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u yaqinlariga topshirilgan. Hozirda qizaloqning ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda bo‘yoq hididan zaharlangan uch nafar ishchi qutqarib qolingan edi.