Yangiliklar

Toshkentda qariyb 3 tonna giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi

Narkotahdidlarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida
Toshkent va Andijonda yirik narkolabratoriya aniqlandi
Foto: Telegram

Toshkentda narkotahdidlarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida qariyb 3 tonna giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar yo‘q qilingani ma’lum qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Poytaxtda «Jahondagi narkotahdidlar: dolzarb muammolar, yangi chaqiriqlar va ularni bartaraf etishning innovatsion yondashuvlari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida so‘nggi bir yil ichida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olingan moddalarni yo‘q qilish jarayoni onlayn namoyish etildi.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda jami 3 tonna giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar yoqish orqali yo‘q qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uch hududda narkotik vositalar aylanmasiga chek qo‘yilgani xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Qashqadaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida narkotik vositalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar aylanmasiga chek qo‘yildi.