
Xiva shahrida Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyiha bo‘yicha fuqarolar va tashkilotlardan fikr hamda takliflar qabul qilinmoqda.
Filialda qaysi yo‘nalishlar bo‘ladi
Loyihaga ko‘ra, filialda bakalavriat va magistratura bosqichlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Bakalavriatda xalqaro xitoy tili ta’limi, turizm boshqaruvi, xalqaro biznes va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochilishi rejalashtirilgan.
Magistraturada esa xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi, ta’lim boshqaruvi hamda sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Ta’lim qanday shaklda olib boriladi
Filialda o‘quv jarayoni kunduzgi va masofaviy shakllarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Darslar xitoy, o‘zbek va ingliz tillarida olib borilishi nazarda tutilmoqda.
Qaror loyihasi bo‘yicha fikr va takliflar jamoatchilik muhokamasi jarayonida qabul qilinadi. Fuqarolar o‘z takliflarini regulation.adliya.uz platformasi orqali qoldirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va ta’lim muassasalari faoliyatini optimallashtirish maqsadida bir qator universitet va filiallar qayta tashkil etilishi belgilangandi.