
Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi hamkorligida ayol va qizlarni Yaponiyada ish bilan ta’minlashga qaratilgan bepul grant dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda agentlik ma’lum qildi.
Dastur doirasida ishtirokchilar Yaponiyaning «Parvarishlash» yo‘nalishida ishlash uchun tayyorlanadi. Buning uchun nomzodlar Toshkent shahrida tashkil etiladigan 6 oylik o‘quv kursida mutlaqo bepul grant asosida tahsil oladi. Kurs davomida yapon tili noldan o‘rgatiladi hamda tinglovchilar barcha zarur sharoitlarga ega turar joy bilan ta’minlanadi.
Kimlar uchun
Dasturda 18–35 yoshdagi ayollar ishtirok etishi mumkin. Hamshiralik sohasi vakillariga ustunlik berilishi qayd etilgan. Shuningdek, viza rasmiylashtirish xizmatlari va Yaponiyada ishga joylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar ham to‘liq qoplanadi.
Maosh va imtiyozlar
Ma’lum qilinishicha, Yaponiyaga borgan ishtirokchilar xizmat uyi bilan ta’minlanadi. Uy-joy uchun ijara haqining $108 ni ishtirokchining o‘zi to‘laydi, qolgan qismi esa kompaniya tomonidan qoplanadi. Boshlang‘ich oylik ish haqi $1600–$1700 ni tashkil etadi. Belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan mehnat uchun qo‘shimcha haq ham to‘lanadi.
Dastur qachon boshlanadi
O‘quv mashg‘ulotlari 2026-yil iyul oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Kurslar Toshkent shahri, Yashnobod tumanida tashkil etiladi. Dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar maxsus anketa orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar Airways kompaniyasi o‘zbekistonliklar uchun qator ish o‘rinlari taklif qilgan edi.