
AQSh va Eron o‘rtasida yana hujumlar, Toshkentda 3 balli zilzila – 27-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Vazifamiz birinchi g‘alabaga erishish — Eldor Shomurodov

Kongo DRga qarshi bahs oldidan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Fabio Kannavaro hamda sardori Eldor Shomurodov ishtirokida rasmiy matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida jamoa sardori Eldor Shomurodov futbolchilarning asosiy vazifasi ilk g‘alabani qo‘lga kiritish va xalqni xursand qilish ekanini ta’kidladi. U hujumga o‘tish bilan birga himoyani yoddan chiqarmaslik kerakligini eslatib o‘tdi.
«Muxlislarimiz kuch berib turdi, nafaqat stadiondagi balki O‘zbekistondagi ishqibozlarimizning ham qo‘llab-quvvatlab turishlarini his qildik. Ularga albatta minnatdorchilik bildiramiz va ularni keyingi o‘yinda xursand qilishga harakat qilamiz», – dedi Shomurodov.
Dembelening xet-triki Fransiyaga Norvegiya ustidan g‘alaba taqdim etdi

Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turida Fransiya va Norvegiya terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda fransuzlar 4:1 hisobida g‘alabaga erishib, guruhni yuz foizlik natija bilan yakunladi.
Senegal Iroq darvozasiga javobsiz 5 ta gol kiritdi
Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turida Senegal terma jamoasi Iroq ustidan 5:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Ispaniya Urugvayni kichik hisobda mag‘lub etib, guruh peshqadamiga aylandi
Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turida Ispaniya terma jamoasi Urugvayga qarshi maydonga tushdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija ispanlarga «H» guruhida peshqadamlikni kafolatladi.
Kabo-Verdedan sensatsiya. Afrikaliklar keyingi bosqichga yo‘llanma oldi
Jahon chempionatining «H» guruhi 3-turida Kabo-Verde hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Gollarsiz yakunlangan keskin uchrashuv natijasida Afrika qit’asi vakillari kutilmaganda guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Dollar kursi hafta davomida qariyb 45 so‘mga tushdi

O‘zbekistonda dollar kursi ushbu haftani pasayish bilan yakunladi. Hafta o‘rtasida AQSh valyutasi biroz ko‘tarilgan bo‘lsa-da, boshqa kunlardagi keskin tushish uning hafta davomida 44,93 so‘mga pasayishini ta’minladi.
Sulh buzildi: AQSh va Eron o‘rtasida yana hujumlar boshlandi

AQSh Hormuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga uyushtirilgan dron hujumidan keyin Erondagi raketa va dron obyektlariga zarba berdi. Vashington buni Tehronning avvalgi hujumiga javob sifatida izohladi, deya xabar berdi The Guardian.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Erondagi raketa va dronlarni saqlash obyektlariga qaratilgan. Ular Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida va Qeshm orolida joylashgani aytilmoqda.
Honor 14 000 mA/soatli batareyaga ega smartfon tayyorlamoqda

Honor yangi avlod smartfonlarida batareya sig‘imini keskin oshirish ustida ishlamoqda. Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya 12 000 mA/soat va hatto 14 000 mA/soatgacha sig‘imli kremniy asosidagi akkumulyatorlarni sinovdan o‘tkazmoqda.
Kompaniya laboratoriyalarida bundan ham kuchliroq – 14 000 mA/soatgacha sig‘imga ega akkumulyatorlar sinovdan o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Yaqin kelajakda bunday sig‘im smartfon sanoati uchun yuqori chegara bo‘lishi mumkin. Chunki undan yuqori natijaga erishish ancha qiyin bo‘ladi.
Maxsus komissiya Toshkentdagi chang-to‘zondan ogohlantirdi

Bugun Toshkent shahrida nam havo massalari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Kunning ikkinchi yarmida esa yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya va yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari bor fuqarolarga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda. Maxsus komissiya zarurat bo‘lmasa, uzoq vaqt ochiq havoda yurmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqobdan foydalanishni tavsiya etadi.
Toshkent va Ammon o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda

Toshkent va Iordaniya poytaxti Ammon shaharlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, ilk reys 30-iyunga rejalashtirilgan.
«Royal Jordanian Airlines» aviakompaniyasining Toshkentga ilk muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozi 30-iyun kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jadvalga ko‘ra, RJ196 reysi Ammon xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da uchib, keyingi kuni 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.
O‘zbekiston va Norvegiya yadro xavfsizligi bo‘yicha 3 yillik loyiha boshladi

O‘zbekiston va Norvegiya radiatsiya hamda yadro xavfsizligi sohasida yangi uch yillik loyihani amalga oshirishni boshladi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, loyiha normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan.
Mazkur loyiha Norvegiyaning yadro sohasidagi harakatlar rejasi doirasida moliyalashtiriladi. U O‘zbekiston Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnika markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Anvar Anvarov yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston rekordini yangiladi

Anvar Anvarov Xorvatiyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda 8,29 metr natija ko‘rsatib, uzunlikka sakrash bo‘yicha O‘zbekiston rekordini yangiladi. Avvalgi rekord ham Anvarovga tegishli edi. U o‘tgan yili Finlyandiyada 8,25 metrga sakragan edi.
Xorvatiyaning Zagreb shahrida yengil atletika bo‘yicha xalqaro turnir tashkil qilindi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Anvarov ham qatnashdi. Anvarov musobaqada eng yaxshi natijani qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Toshkentda 3 balli zilzila kuzatildi

27-iyun kuni soat 18:34 lar atrofida Afg‘onistonning Badaxshon hududida 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishi O‘zbekistonning bir qator hududlarida ham sezildi.
Yer silkinishi eng kuchli Surxondaryo viloyatida sezildi. Bu hududda zilzila kuchi 4-5 ballni tashkil qildi. Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida zilzila 4 ball atrofida sezilgan. Andijon va Namangan viloyatlarida 3-4 ball, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida esa 2-3 ball darajasida sezildi.