Sport

Ispaniya Urugvayni kichik hisobda mag‘lub etib, guruh peshqadamiga aylandi

Aleks Baenaning kiritgan yagona goli ispanlarga muhim g‘alabani taqdim etdi
Foto: FIFA.com

Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turida Ispaniya terma jamoasi Urugvayga qarshi maydonga tushdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija ispanlarga «H» guruhida peshqadamlikni kafolatladi.

Foto: FIFA.com

Uchrashuv taqdirini birinchi bo‘lim oxirida kiritilgan gol hal qildi. 42-daqiqada Markos Lyorentening aniq uzatmasidan so‘ng Aleks Baena Urugvay darvozasini ishg‘ol etib, ispanlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda hisob o‘zgarmadi, biroq maydondagi asabiy muhit sababli bosh hakam bir necha bor jazo kartochkalaridan foydalanishiga to‘g‘ri keldi.

Foto: FIFA.com

Xususan, 46-daqiqada gol muallifi Aleks Baenaning o‘zi sariq kartochka bilan jazolandi. Shuningdek, Urugvay futbolchilari Xuan Manuel Sanabriya , Gilermo Varela va Nikolas de la Kruslar ham ogohlantirildi.

Foto: FIFA.com

Uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan so‘nggi soniyalarida (90+5-daqiqa) urugvaylik Agustin Kanobbio qo‘pol harakati uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Natijada janubiy amerikaliklar o‘yinni 10 kishi bo‘lib yakunlashdi.

Foto: FIFA.com

Natijalarga ko‘ra, Ispaniya «H» guruhida 7 ochko to‘plagan holda 1-o‘rinni egalladi. Urugvay esa 2 ochko bilan 3-o‘rinda qolib, turnirni tark etdi.

Avvalroq Kursiv nashri Senegal Iroq darvozasiga javobsiz 5 ta gol kiritgani haqida xabar bergan edi.