
Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlik yana kuchaydi – Tehron 28-iyun kuni Kuvayt hamda Bahrayndagi AQSh harbiy obyektlariga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Hujum AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyatini vaqtinchalik tinchlik kelishuviga rioya qilishga chaqirib, aks holda ularni «yo‘q qilib yuborish» bilan tahdid qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.
AQSh rasmiylari hujumni tasdiqlab, amerikalik harbiylar orasida qurbonlar yo‘qligi va harbiy obyektlarga jiddiy zarar yetmaganini bildirdi. Kuvayt armiyasi ikkita ballistik raketa tutib qolinganini ma’lum qildi. Bahraynda esa Eron droni turarjoy binosiga zarar yetkazgani, biroq jabrlanganlar qayd etilmagani aytildi. Shundan so‘ng Bahrayn BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga chaqirdi.

AQSh va Eron bir-birini ayblamoqda
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi hujumlar AQShning avvalgi zarbalariga javob ekanini ma’lum qildi. Bayonotda AQShning harakatlari o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganini va bu diplomatik muzokaralarning to‘xtashiga olib kelishi ta’kidlandi.
Bunga javoban AQSh Markaziy qo‘mondonligi o‘z kuchlari Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi harbiy kuzatuv, aloqa, havo mudofaasi, dron omborlari va minalashtirish obyektlariga zarba berganini aytdi. Vashington bu amaliyotni tijorat kemalariga qarshi davom etayotgan hujumlarga javob sifatida izohladi.

Hormuz bo‘g‘ozi va Livandagi vaziyat
Mintaqadagi vaziyat Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga uyushtirilgan hujumlar ortidan yanada murakkablashdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bo‘g‘ozdagi dengiz qatnovini urushdan oldingi holatga qaytarish mas’uliyati faqat Tehronga tegishli ekanini bildirib, boshqa davlatlarni bu jarayonga aralashmaslikka chaqirdi.
Shu bilan birga, Isroil Livanning Nabatiya hududida «Hizbulloh» harakati jangarilariga va raketa uchirish qurilmasiga zarba berdi. Hujum Livan bilan navbatdagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tuzilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Eron esa Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari ham to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlab, buning uchun javobgarlik AQSh zimmasida ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron o‘rtasida yana hujumlar boshlangani haqida xabar qilgan edik.