Yangiliklar

O‘zbekistonga eng ko‘p mashina va transport uskunalari import qilinadi — statistika

Ilk to‘rt oyda $5,5 mlrdlik mashina va asbob-uskunalar mamlakatga import qilingan
O‘zbekistonga eng ko‘p mashina va transport uskunalari import qilinadi — statistika / Foto: Facebook

2026-yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston importida mashina va transport uskunalari qariyb 30 foizlik o‘sish bilan eng katta ulushni egalladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2026-yil yanvar–aprel oylarida mamlakatning import hajmi $16,4 mlrdni tashkil etdi.

Import tarkibida mashinalar va transport asbob-uskunalari $5,5 mlrd bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.

Shuningdek, sanoat tovarlari importi $2,5 mlrdga (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar $2,0 mlrdga (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar esa $1,9 mlrdga (+47,2 foiz) yetgan. Xizmatlar importi $1,6 mlrdni (+15,5 foiz), mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash materiallar esa $1,4 mlrd (+25,8 foiz) tashkil etgan.

Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi $585,7 mlnga (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) $464,8 mlnga (+34,5 foiz), hayvon va o‘simliklar moylari, yog‘lar va mumlar $217,7 mlnga (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa $100,5 mlnga (+24,3 foiz) teng bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi transport vositalarining necha foizi yengil avtomobillar ekanligi haqida yozgan edik.