
Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich Belgradda o‘tkazilgan hukumat tarafdorlari mitingida yaqin haftalar ichida prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqishini bildirib, shundan so‘ng muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini aytdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
U prezident va bosh vazir sifatida mamlakatni 12 yil davomida boshqarib kelmoqda. Uning amaldagi prezidentlik vakolati 2027-yil o‘rtalarida yakunlanishi kerak edi.
Prezidentning bu qarori 18 oy davom etayotgan korrupsiyaga qarshi namoyishlar fonida yangradi. Norozilik namoyishlari 2024-yil noyabr oyida Novi Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida ayvon qulab tushishi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan so‘ng boshlangan edi. Namoyishchilar, muxolifat va huquq himoyachilari ushbu fojiani davlat qurilish loyihalaridagi boshqaruv muammolari va korrupsiyaning oqibati sifatida baholamoqda.

Vuchich iste’fo muddati va parlamentni qachon tarqatib yuborishini aniq aytmadi. Shu bilan birga, u saylovlarda o‘zining Serbiya Taraqqiyot partiyasi (SNS) g‘alaba qozonishiga yordam berishini, saylov blokiga esa «Birlashgan Serbiya» nomini berishni taklif qildi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Vuchichning iste’fosi uning siyosatdan butunlay ketishini anglatmaydi. U parlament saylovlarida partiyasi g‘alaba qozonsa, yana bosh vazir lavozimini egallashi mumkin. Siyosatshunoslar uning prezidentlikka o‘ziga yaqin nomzodni ilgari surish orqali mamlakat siyosatidagi ta’sirini saqlab qolishga urinishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya bosh vaziri va uning hukumati iste’foga chiqqan edi. Qaror hukmron koalitsiya hamkori bo‘lgan «Taraqqiyparvarlar» (Progresīvie) partiyasi ishonchsizlik bildirganidan so‘ng qabul qilingan.