
Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli ikkita zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1,4 ming nafardan oshdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Mamlakatning eng ko‘p zarar ko‘rgan La Guayra sohili va poytaxt Karakasning ayrim hududlarida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Mahalliy aholi va ko‘ngillilar bir necha kundan buyon vayronalar ostidan tirik qolganlar hamda qurbonlarning jasadlarini qidirmoqda. Ayrim fuqarolar og‘ir texnikalar va rasmiy xizmatlar yetarli emasligidan shikoyat qilgan.

Qutqaruv ishlariga yordam berish uchun xorijdan 1,6 ming nafardan ortiq mutaxassis yetib kelgan, qo‘shimcha qutqaruv guruhlari esa yo‘lda. Guvohlarga ko‘ra, eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘lgan Karabalyedada AQSh vertolyotlari qutqaruvchilarni ofat zonasiga olib bormoqda.
Hokimiyat yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgani yoki vayronalar ostida qolganini bildirgan. Shu bilan birga, mamlakat muxolifati qo‘llab-quvvatlayotgan maxsus platformada 55 mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan. AQSh Geologiya xizmati 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar oqibatida qurbonlar soni 10 ming nafardan oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Tabiiy ofat oqibatida ko‘plab aholi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Kuchli takroriy silkinishlar sabab ayrim hududlarda odamlar ko‘chalarda tunab qolmoqda. Elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanayotgan bo‘lsa-da, mamlakat energetika tizimidagi muammolar vaziyatni yanada murakkablashtirib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoda Ebola virusidan vafot etganlar soni 304 nafarga yetgani haqida xabar bergan edik.