Yangiliklar

1-sinfga hujjat topshirishda ariza rad etilsa nima qilish kerak

my.gov.uz da
Maktab
Foto: Xalq ta’limi

Ayni kunlarda my.gov.uz va elektron tizimlar orqali bolalarni 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha arizalar soni juda ko‘paygan. Shu sababli tizimda yuklama ortishi yoki ayrim arizalar rad etilishi holatlari kuzatilishi mumkin.

Portal ma’lumotiga ko‘ra, maktabga qabul jarayoni uzoq davom etadi va barcha bolalar maktabga joylashishga ulguradi. Shu bois shoshma-shosharlik va ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘qligi ta’kidlandi.

Ekran tasviri

Ariza qanday topshiriladi

Ota-onalar my.gov.uz portaliga OneID orqali kirib, «Bolani maktabga qabul qilish» xizmatini tanlashi kerak.

So‘ng farzandga qarindoshlik darajasi ko‘rsatiladi. Masalan, «Ota-onasi» yoki «Vasiy» varianti tanlanadi.

Tizim 2026-yilda 7 yoshga to‘ladigan, ya’ni 2019-yilda tug‘ilgan farzandlarni avtomatik chiqaradi. Kerakli bola tanlangach, uning JShShIR ma’lumotlari tizim tomonidan avtomatik to‘ldiriladi.

Maktab tanlash muddatlari qanday

20-iyundan 31-avgustgacha ota-onalar faqat mikrohudud, ya’ni yashash joyiga biriktirilgan maktabni tanlashi mumkin.

1-avgustdan 31-avgustgacha esa qo‘shimcha bosqich boshlanadi. Bu vaqtda tuman doirasida bo‘sh joyi bor istalgan maktabni tanlash imkoniyati ochiladi.

Ma’lumotlar tekshirilgach, «Keyingi» tugmasi bosiladi va ariza yuboriladi.

Ariza yuborilgandan keyin nima bo‘ladi

Ariza mas’ul tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilayotgan vaqtda uning statusi «Yuborildi» holatida turadi.

Ariza dastlabki bosqichdan o‘tgach, ota-onaning telefoniga maktab direktori bilan uchrashuv vaqtini belgilash so‘ralgan SMS keladi. Shaxsiy kabinetda esa ariza statusi «Qayta yuborildi» holatiga o‘zgaradi.

Ekran tasviri

Uchrashuv vaqtini belgilash uchun my.gov.uz portalidagi «Mening arizalarim» bo‘limiga kirish kerak. Ariza ichiga o‘tilib, yuqori chap burchakdagi «To‘ldirishni davom etish» tugmasi bosiladi va qulay kun hamda vaqt tanlanadi.

Maktabga qachon borish kerak

Ekran tasviri

Belgilangan vaqtda ota-ona farzandi va uning hujjatlari asli bilan maktabga shaxsan borishi kerak.

Suhbat muvaffaqiyatli o‘tib, maktab rahbariyati arizani tasdiqlagach, my.gov.uzdagi shaxsiy kabinetda maktabga qabul qilinganlik to‘g‘risida elektron ma’lumotnoma shakllanadi.

Eslatib o‘tamiz, elektron qabul bo‘yicha savollar yuzaga kelsa, Call-markazning 71-203-07-04 yoki 71-203-04-03 raqamlariga murojaat qilish mumkin.