
Andijonda piyodalar o‘tish joyida uch nafar shaxsni urib yuborgan Malibu-2 haydovchisi qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat YXHB ma’lum qildi.
Hodisa 25-iyun kuni soat 17:55 atrofida Andijon shahri «Yangi Bo‘ston» MFYdagi Amir Temur shohko‘chasida joylashgan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan. 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘ziga tegishli Malibu-2 avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtda Yo‘l harakati qoidalarining 109-bandini qo‘pol ravishda buzib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan hamda ularni urib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olindi. Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganchda qurilish vaqtida fuqaroni tuproq bosib qolgani haqida yozgan edik.