Avto

Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaydi

Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaydi
Foto: Chevrolet

General Motors kompaniyasi Braziliyada Chevrolet Onix 1.0 modeli uchun maxsus chegirma e’lon qildi. Kompaniya rasmiy taklifiga ko‘ra, avtomobilning boshlang‘ich narxi 103 890 realdan 84 190 realgacha tushirilgan.

Chegirma Onix 1.0 mexanik uzatmali versiyasiga tegishli. Gap 2026/2027 model yili, Branco Summit oq rangdagi avtomobil haqida bormoqda. Taklif Chevrolet’ning Braziliyadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo segmenti doirasida, xususan taksi yo‘nalishi uchun amal qiladi.

Kompaniya izohida chegirma avtomobil ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilgani, yakuniy narx esa ICMS va IPI soliqlari bo‘yicha imtiyozlar hisobga olingan holda shakllangani qayd etilgan. Braziliyada ICMS — tovarlar va xizmatlar aylanishiga solinadigan shtat solig‘i, IPI esa sanoat mahsulotlari uchun federal soliq hisoblanadi.

Foto: Chevrolet

Taklif 2026-yil iyun oyidagi amaldagi narxlar jadvali asosida berilgan. Shu bilan birga, Chevrolet narxlar oldindan ogohlantirmasdan o‘zgarishi mumkinligini bildirgan. Aksiya 2026-yil 30-iyungacha Braziliyadagi ishtirokchi dilerlik markazlarida amal qiladi.

Chegirma faqat zavod omborida mavjud bo‘lgan, 0 km holatdagi Chevrolet avtomobillariga nisbatan qo‘llanadi. Batafsil ma’lumot olish uchun xaridorlarga Chevrolet dilerlariga murojaat qilish yoki kompaniyaning Braziliyadagi rasmiy saytiga kirish tavsiya etilgan.

Model haqida

Foto: Chevrolet

Chevrolet Onix 1.0T AT LTZ — 2019-yil sentabrdan ishlab chiqarib kelinayotgan zamonaviy kompakt sedan versiyalaridan biri hisoblanadi. Ushbu model 1,0 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 116 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Turbina avtomobilga kichik hajmli motor bo‘lishiga qaramay, shaharda ham, trassada ham yetarli darajada chaqqon harakatlanish imkonini beradi.

Avtomobil benzin yonilg‘isida ishlaydi va avtomatik uzatmalar qutisi bilan ta’minlangan. Old g‘ildirakdan tortuvchi tizim kundalik foydalanish uchun qulay boshqaruv va nisbatan tejamkor harakatni ta’minlaydi. Salon 5 kishiga mo‘ljallangan, kuzovi esa 4 eshikli sedan shaklida ishlab chiqilgan. Chevrolet Onix 1.0T AT LTZ amaliy jihatdan ham qulay model sanaladi.

Uning yo‘l oralig‘i, ya’ni klirensi 125 mm, yukxona hajmi esa 500 litrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich avtomobilni nafaqat shahar ichida, balki oilaviy foydalanish va kundalik yuk tashish ehtiyojlari uchun ham mos qiladi. Model 195/55 R16 o‘lchamdagi old va orqa shinalar bilan jihozlangan.

Foto: Chevrolet

Narxi

Ko‘rsatkichBraziliya realidaDollarda taxminan
Oddiy narxR$ 103 890$20 086
Chegirma miqdoriR$ 19 700$3 809
Chegirmadagi yakuniy narxR$ 84 190$16 277

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Tracker 2027 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.