Yangiliklar

Chorvadorlar suv tariflarini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda

Hozir ayrim xo‘jaliklar suv uchun sanoat korxonalari tarifida haq to‘lamoqda
Chorvachilikda sanitariya va epidemiologik xavfsizlik kuchaytiriladi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda chorvachilik sohasi vakillari yaylov hududlarida faoliyat yuritayotgan chorva komplekslari uchun suv tariflarini qayta ko‘rib chiqish taklifini bildirdi. Ularning aytishicha, hozir ayrim xo‘jaliklar suv uchun sanoat korxonalari tarifida haq to‘lamoqda.

Suv narxi xarajatlarni oshirmoqda

Ochiq muloqotda chorvadorlardan biri xo‘jaligida 20,9 ming gektar yaylov yeri va 315 bosh golshteyn zotli mol borligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, xo‘jalikda sun’iy urug‘lantirish va naslchilik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq kompleks uchun asosiy muammolardan biri ozuqa yetishtirishda suv ta’minoti bilan bog‘liq.

Chorvachilik sohasidagi tadbirkor bilan ochiq muloqot

Xo‘jalik sanoat tarifi bo‘yicha to‘lamoqda

Tadbirkorning aytishicha, chorva kompleksi avval Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli bo‘lgan. Keyinchalik u xususiylashtirilgan va sotib olingan.

Kompleks hududidan suv quvurlari o‘tgan bo‘lsa-da, suv narxi sanoat tarifi asosida belgilanmoqda. Hozir 1 kub metr suv uchun 960 so‘m to‘lanayotgani aytildi.

Chorvadorlarga ko‘ra, bunday tarif ozuqa yetishtirish xarajatlarini oshiradi. Bu esa mahsulot tannarxining qimmatlashishiga va sohaga investitsiya jalb qilish imkoniyatining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Imtiyozli tarif taklif qilinmoqda

Sohadagi vakillar chorvachilik komplekslari uchun suv ta’minotida alohida yondashuv joriy etishni taklif qilmoqda.

Ularning fikricha, chorvachilik xo‘jaliklari sanoat korxonalari bilan bir xil tarifda suv to‘lamasligi kerak. Chunki suv ularga ishlab chiqarish jarayoni bilan birga ozuqa bazasini shakllantirish uchun ham zarur.

Hukumat darajasida yordam so‘raldi

Chorvadorlar hukumat darajasida maxsus komissiya tuzib, bu masalani ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.

Taklifga ko‘ra, chorva komplekslariga hech bo‘lmaganda ma’lum muddatga – uch yoki to‘rt yilga boshqa fermer xo‘jaliklari kabi qulayroq tarifda suv olish imkoniyati berilishi mumkin.

Tadbirkorlar bunday yondashuv chorvachilikda naslchilik ishlarini kengaytirish, ozuqa yetishtirishni yaxshilash va mahsulot tannarxini pasaytirishga yordam berishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Namanganda 35 mln dollarlik qo‘ychilik klasteri tashkil etilmoqda. Klaster To‘raqo‘rg‘on tumanida ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda tashkil etiladi. Loyiha Prezidentning 2020-yil 29-yanvardagi chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid qarorida belgilangan imkoniyatlar asosida amalga oshirilmoqda.