Sport

Janubiy Koreya prezidenti JChdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokni tekshirishni buyurdi, murabbiy iste’fo qildi

Prezident bu natija mamlakat futboli boshqaruvi va kadrlar siyosatidagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi
Janubiy Koreya prezidenti terma jamoaning JChdagi mag‘lubiyatini tekshirtirmoqda
Foto: Pool Photo via AP

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon mamlakat futbol terma jamoasining jahon chempionatidagi omadsiz ishtiroki yuzasidan rasmiy tekshiruv o‘tkazishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, Madaniyat, sport va turizm vazirligi musobaqadagi muvaffaqiyatsizlik sabablarini chuqur tahlil qilib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq islohotlar rejasini ishlab chiqishi lozim.

Janubiy Koreya terma jamoasi jahon chempionatining «A» guruhida 3 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egalladi va pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini boy berdi.

Prezident bu natija mamlakat futboli boshqaruvi va kadrlar siyosatidagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

«Agar qobiliyat emas, tanish-bilishchilik ustun qo‘yilsa va rahbarlik lavozimlariga layoqatsiz odamlar tayinlansa, bunday natija ajablanarli emas» – deb yozdi Li Je Myon.

Davlat rahbari, shuningdek, jahon chempionatida ishtirok etish uchun davlat budjeti va soliq to‘lovchilarning katta mablag‘lari sarflanishini eslatib, bu masalaga jiddiy yondashish zarurligini qayd etdi.

«Ushbu hodisaning barcha sabablarini sinchiklab o‘rganish, xatolarni tahlil qilish va aniq islohotlar rejasini ishlab chiqishni so‘rayman. Mamlakat fuqarolaridan yuzaga kelgan chuqur hafsalapirlik uchun chin dildan uzr so‘rayman», – dedi Janubiy Koreya prezidenti.

Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Xon Myon Bo iste’foga chiqdi

Jahon chempionatidagi omadsiz ishtirokdan so‘ng Janubiy Koreya futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Xon Myon Bo o‘z lavozimini tark etdi.

57 yoshli mutaxassis iste’fo qarorini e’lon qilar ekan, muxlislardan uzr so‘rab, jamoaning natijalari uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini bildirdi.

«Biz muxlislar kutgan natijaga erisha olmadik. Buning uchun barcha mas’uliyatni o‘zim zimmamga olaman va terma jamoa bosh murabbiyi lavozimini tark etaman», – dedi Xon Myon Bo.

Xon Myon Bo milliy jamoani 2024-yildan buyon boshqarib kelayotgandi. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yilgi Osiyo kubogi yakuniga qadar mo‘ljallangan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kanada so‘nggi daqiqada gol kiritib nimchorak finalga yo‘l olgani haqida yozgandi.