
Afsonaviy pop qiroli Maykl Jekson hayotiga bag‘ishlangan «Maykl» filmi jahon prokatida $977 million yig‘ib, tarixdagi eng daromadli biografik filmga aylandi. Bu haqda Variety xabar berdi.
Oppengeymer ortda qoldi
Aprel oyi oxirida namoyishi boshlangan film kassadagi daromadi bo‘yicha Kristofer Nolanning «Oppengeymer» filmini ortda qoldirdi. Mazkur kartina jahon prokatida $975 million ishlab topgandi.
Bundan avval «Maykl» 2018-yilda ekranlarga chiqqan «Bogemcha rapsodiya»ni ($911 million) ortda qoldirib, eng muvaffaqiyatli musiqiy biografik filmga ham aylangandi.
Rossiyada ham milliardlik natija
Film Rossiya prokatida ham katta muvaffaqiyat qozondi. 28-iyun holatiga ko‘ra, uning kassadagi tushumi 1,5 milliard rubldan oshdi. Shu tariqa u 2026-yilda Rossiyada 1 milliard rubllik marrani zabt etgan ikkinchi xorijiy film bo‘ldi.
Maykl Jeksonning shon-shuhrat sari yo‘li
Filmda Maykl Jeksonning bolalik davri, san’atdagi ilk qadamlaridan tortib dunyo miqyosidagi yulduzga aylanishigacha bo‘lgan hayoti tasvirlangan. Shuningdek, uning otasi, prodyuserlar va musiqa kompaniyalari bilan murakkab munosabatlari, Off the Wall va Thriller albomlarining yaratilish jarayoni ham yoritilgan.
Kartinada bosh rolni xonandaning jiyani Jaafar Jekson ijro etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maykl Jekson haqidagi film $97 mln tushum bilan rekord o‘rnatgani haqida yozgandi.