
Meizu Technology kompaniyasi Xitoy bozorida Meizu 22 smartfonining yangi partiyasi sotuvga chiqarilganini ma’lum qildi. Kompaniya qurilmalar soni cheklanganini, biroq narxlar avvalgidek saqlab qolinganini va qo‘shimcha ustama qo‘yilmaganini bildirdi.
Hozirda Meizu 22 Xitoydagi yirik onlayn savdo maydonchalarida, jumladan JD.com’da mavjud. Model davlat subsidiyalari dasturiga ham kiradi. Subsidiyalar hisobga olingandan so‘ng 12 GB operativ va 256 GB ichki xotiraga ega versiya taxminan 2540 yuan, ya’ni qariyb $370 atrofida baholanmoqda.
Savdo platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha smartfon faqat oq rangda qolgan. Xaridorlar 12 GB + 256 GB, 12 GB + 512 GB va 16 GB + 512 GB xotira konfiguratsiyalarini tanlashi mumkin. Eng yuqori 16 GB operativ va 1 TB ichki xotirali versiya esa vaqtincha mavjud emas.
Meizu 22 o‘tgan yili taqdim etilgan model bo‘lib, uning asosiy dizayn jihatlaridan biri juda ingichka va simmetrik oq ramka hisoblanadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ekran atrofidagi ramka kengligi atigi 0,8 mmni tashkil etadi. Bu smartfonga old tomondan yanada ixcham va premium ko‘rinish beradi.
Avvalroq «Kursiv» Samsung 10 dyuymli yig‘iluvchi smartfon chiqarishi mumkinligi haqida yozgan edi.