
Narxi pasaygan Onix, eng chiroyli gollar ro‘yxati — 29-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaydi

General Motors kompaniyasi Braziliyada Chevrolet Onix 1.0 modeli uchun maxsus chegirma e’lon qildi. Kompaniya rasmiy taklifiga ko‘ra, avtomobilning boshlang‘ich narxi 103 890 realdan 84 190 realgacha tushirilgan.
Chegirma Onix 1.0 mexanik uzatmali versiyasiga tegishli. Gap 2026/2027 model yili, Branco Summit oq rangdagi avtomobil haqida bormoqda. Taklif Chevrolet’ning Braziliyadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo segmenti doirasida, xususan, taksi yo‘nalishi uchun amal qiladi.
Elektr ta’minoti tizimida noqonuniy holatlar aniqlandi

Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimi bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali Sho‘rchi tumani bo‘limi muhandisi xizmat mavqeyini suiiste’mol qilgan. U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga $1 ming talab qilgani aytilmoqda.
Raqamlar oshdi: Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda

Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq ortiqcha o‘lim holati bilan bog‘lanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha o‘lim holatlari qayd etilgan.
Uning ta’kidlashicha, issiq urishi ko‘pincha «jim qotil» deb ataladi, chunki Yevropadagi uylar, ish joylari va maktablar bunday yuqori haroratga moslashtirilmagan. Tedros Yevropa Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan qit’a ekanini, u global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq qiziyotganini qayd etdi.
AQSh va Eron zarbalarni to‘xtatishga kelishdi — Axios

AQSh va Eron bir-biriga qarshi zarbalarni to‘xtatishga kelishib oldi. Axios nashrining AQShdagi yuqori martabali rasmiyga tayanib yozishicha, tomonlar shu hafta Qatarning Doha shahrida uchrashib, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi kelishmovchiliklarni muhokama qiladi.
AQSh rasmiysining aytishicha, tomonlar «barcha kinetik faollikni» to‘xtatishga qaror qilgan. Harbiy terminologiyada bu ibora zarbalar va boshqa hujumkor harakatlarni anglatadi. Muzokaralar seshanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
O‘FA Katanets davrida boshqa murabbiyga taklif yuborgani aytilmoqda

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 2024-yil noyabr oyida milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun germaniyalik mutaxassis Yurgen Klinsmannga shartnoma taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, o‘sha vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasini Srechko Katanets boshqarayotgan bo‘lgan. 2024-yil noyabr oyidagi o‘yinlardan so‘ng Katanets Toshkentga kelib, jamoaning 2025-yil mart oyidagi uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasini tasdiqlagan. Shuningdek, u terma jamoada qolishini va boshqa joyga ketish niyati yo‘qligini bildirgan.
Eldor Shomurodovning goli eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning Jahon chempionati guruh bosqichida urgan goli FIFA tomonidan eng chiroyli gollar ro‘yxatiga kiritildi. Tashkilot 2026-yilgi mundialning guruh bosqichidagi eng yaxshi goliga nomzod futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Nomzodlar orasida Shomurodovdan tashqari Lionel Messi, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Jovanni Reyna, Ismoil Saybari, Feliks Nmecha, Elayja Jast, Kevin Pina, Kerim Alaybegovich, Uilson Isidor va Daydzen Maeda ham bor. G‘olib muxlislar ovozi orqali aniqlanadi.
O‘zbekiston yil boshidan buyon 24 tonna oltin xarid qilib, dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida sof hisobda 24 tonna oltin xarid qilib, markaziy banklar orasida oltin zaxiralarini eng ko‘p oshirgan davlatlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlari e’lon qilindi.
Oltin zaxiralari 414 tonnaga yaqinlashdi
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon amalga oshirilgan xarid va sotuvlar yakunida mamlakatning sof oltin xaridi 24 tonnani tashkil etgan.
O‘zbekistonda aholisi eng kam hududlar qaysi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam hudud G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Shaharda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Undan keyingi o‘rinlarda Tomdi tumani va Shirin shahri qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.