Yangiliklar

Niqobdan foydalaning — Maxsus komissiya chang-to‘zondan ogohlantirdi

Kunning ikkinchi yarmida esa yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor
Niqobdan foydalaning — Maxsus komissiya chang-to‘zondan ogohlantirdi
Foto: Prana Air

Maxsus komissiya bugun Toshkent shahrida qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Kunning ikkinchi yarmida esa yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Chang-to‘zon nam havo kirib kelishi oldidan kuzatilishi mumkin

Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum bo‘ronlari bo‘yicha Pekin mintaqaviy markazi hamda «O‘zgidromet» prognozlariga ko‘ra, bugun poytaxt hududida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi.

Nam havo massalari kirib kelishi oldidan ayrim joylarda qisqa muddatli chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.

Shamol 12–15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor

Prognozlarga ko‘ra, kun davomida shamol tezligi 3–8 m/s atrofida bo‘ladi. Ayrim hududlarda esa shamol 12–15 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Aynan kuchaygan shamol fonida chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi ehtimoli bor.

Havo sifati vaqtincha yomonlashishi mumkin

Chang-to‘zonlar sabab atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori qisqa muddatga ortishi mumkin. Ayniqsa, PM10 konsentratsiyasi vaqtincha ko‘payishi ehtimoli bor.

Biroq bu holat uzoq davom etmasligi kutilmoqda. Kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik kuzatilsa, havo asta-sekin tozalanadi.

Aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya qilindi

Mutaxassislar shamol kuchaygan vaqtda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari bor fuqarolarga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda.

Zarurat bo‘lmasa, uzoq vaqt ochiq havoda yurmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqobdan foydalanish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanayotgani xabar qilingandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, issiq urishi ko‘pincha «jim qotil» deb ataladi, chunki Yevropadagi uylar, ish joylari va maktablar bunday yuqori haroratga moslashtirilmagan. Tedros Yevropa Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan qit’a ekanini, u global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq qiziyotganini qayd etdi.