
O‘zbekiston 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida sof hisobda 24 tonna oltin xarid qilib, markaziy banklar orasida oltin zaxiralarini eng ko‘p oshirgan davlatlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlari e’lon qilindi.
Oltin zaxiralari 414 tonnaga yaqinlashdi
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon amalga oshirilgan xarid va sotuvlar yakunida mamlakatning sof oltin xaridi 24 tonnani tashkil etgan.
Natijada O‘zbekistonning umumiy oltin zaxiralari 414 tonnaga yaqinlashdi. Hozirda oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining 88 foizini tashkil qilmoqda.
Polsha yetakchi, O‘zbekiston ikkinchi
2026-yilning yanvar – aprel oylarida oltin xaridi bo‘yicha Polsha birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat o‘z zaxiralarini 45 tonnaga oshirib, jami 595 tonna oltinga ega bo‘ldi. Polsha xalqaro zaxiralarining qariyb 30 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xitoy va Chexiya ham zaxiralarini ko‘paytirdi
Aprel oyida Xitoy Xalq banki oltin zaxiralariga yana 8 tonna qo‘shdi. Bu mamlakat uchun 2024-yil dekabridan buyon qayd etilgan eng yirik oylik xarid bo‘ldi. Xitoy ketma-ket 18 oy davomida oltin zaxiralarini oshirib kelmoqda va uning rasmiy zaxiralari 2,3 ming tonnadan oshgan.
Chexiya Markaziy banki esa aprel oyida 3 tonna oltin sotib oldi. Bu bankning ketma-ket 38 oy davomida oltin xarid qilayotganini anglatadi. Natijada mamlakatning oltin zaxiralari 79 tonnaga yetdi.
Rossiya oltin sotishda davom etmoqda
Ayrim davlatlar esa aksincha, oltin zaxiralarini qisqartirmoqda. Xususan, Rossiya aprel oyida 6 tonna, yil boshidan buyon esa sof hisobda 22 tonna oltin sotgan. Turkiyaning oltin zaxiralari esa aprel oyida deyarli o‘zgarmagan.
Markaziy banklar oltinga qiziqishni saqlab qolmoqda
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida dunyo markaziy banklari jami 19 tonna oltinni sof hisobda xarid qilgan. Bu mart oyidagi sof sotuvlardan keyin xaridlar yana tiklanganini anglatadi.
Tashkilot qayd etishicha, so‘nggi yillarda markaziy banklarning oltin xaridlarida, asosan, Sharqiy Yevropa va Osiyo davlatlari yetakchilik qilmoqda. Oxirgi 36 oy davomida dunyo markaziy banklari har oy o‘rtacha 29 tonna oltin sotib olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oltin narxi $4 mingdan pastga tushgani haqida yozgandi.