
Qozog‘iston Senati Qozog‘iston – O‘zbekiston davlat chegarasidagi «Sirdaryo – Malik» va «Selinniy – Oqoltin» avtomobil o‘tkazish punktlari maqomini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi protokolni ratifikatsiya qildi. Bu haqda Kazinform nashri ma’lum qildi.
Gap 2006-yil 4-sentabrda Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida imzolangan davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kirituvchi protokol haqida bormoqda. Hujjatga ko‘ra, mazkur avtomobil o‘tkazish punktlarining maqomi ikki tomonlama (davlatlararo) punktdan xalqaro (ko‘p tomonlama) punktga o‘zgartiriladi.
O‘tkazish punktlari tunu kun ishlaydi
Protokolga muvofiq, mazkur o‘tkazish punktlarining ish tartibi ham o‘zgartiriladi. Endilikda ular faqat kunduzgi vaqtda emas, balki sutkaning 24 soati davomida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, o‘tkazish punktlari faqat yengil avtomobillar uchun mo‘ljallangan cheklangan rejimdan yuk va yo‘lovchi transporti harakatlanishi mumkin bo‘lgan maqomga o‘tkaziladi.
O‘tkazish tartibi qanday bo‘ladi
«Selinniy – Oqoltin» chegara punkti orqali yengil avtomobillar, bo‘sh yuk mashinalari, shuningdek, yirik o‘lchamli va og‘ir yuklar hamda tovarlarni olib o‘tishga ruxsat beriladi.
«Sirdaryo – Malik» chegara punkti esa faqat yengil avtomobillar va bo‘sh yuk transporti vositalari harakati uchun xizmat qiladi. Ushbu punkt orqali tijorat maqsadidagi yuklar hamda tovarlarni olib o‘tishga ruxsat berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida hududlar almashinuvi amalga oshirilgan edi.