
1-iyuldan boshlab Rossiyaga vizasiz kiradigan barcha xorijiy fuqarolar «Gosuslugi RuID» ilovasidan foydalanishi shart bo‘ladi. Bu haqda Davlat dumasi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Gusev ma’lum qildi.
Ariza oldindan yuboriladi
Yangi tartibga ko‘ra, Rossiyaga kirishni rejalashtirgan vizasiz xorijiy fuqarolar safardan oldin «Gosuslugi RuID» ilovasi orqali ma’lumot yuborishi kerak.
Ariza Rossiyaga kirishdan kamida 72 soat oldin topshirilishi lozim.
Gusevning aytishicha, yangi tartib migratsiya jarayonlarini yanada ochiq va tushunarli qilishga qaratilgan.
Davlat xorijiy fuqaro kimligi, Rossiyaga nima maqsadda kelayotgani, qancha muddat qolishi va unga kirishni rad etish uchun asos bor-yo‘qligini oldindan bilishi kerakligi ta’kidlandi.
Kimlarga istisno qo‘llanadi
Yangi talab ayrim toifadagi shaxslarga tatbiq etilmaydi. Xususan, Belarus fuqarolari, olti yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar, xizmat pasporti egalari hamda rasmiy delegatsiya a’zolari uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, raqamli oldindan identifikatsiya qilish tartibi noqonuniy migratsiya xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya xorijiy tashuvchilarning jarima va qarzdorliklarini nazorat qila boshlagandi. Joriy yilning 1-sentabrdan boshlab Rossiya hududiga kirayotgan xorijiy avtotransport vositalari bo‘yicha jarimalar, «Platon» davlat tizimidagi qarzdorliklar hamda pullik avtomobil yo‘llaridan foydalanish bilan bog‘liq to‘lanmagan majburiyatlar avtomatlashtirilgan tartibda tekshiriladi.