
Adliya vazirligi tomonidan «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy qilish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur tartibga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu baholash faqat mavjud axborot manbalari asosida amalga oshiriladi.
Xavf darajasini baholash iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xom ashyo birjalari faoliyati, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha alohida mezonlar asosida olib boriladi.
Tadbirkorlik subyektlari huquqbuzarlik xavfi darajasiga qarab yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Avvalroq «Kursiv» shaxsiy kartani «kassa» qilayotganlar nazoratga olinishi haqida yozgan edi.