
«O‘zgidromet» 29 – 30-iyun hamda 1 – 3-iyul kunlari uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan haftadagi juda issiq ob-havodan so‘ng ushbu ish haftasida O‘zbekiston bo‘yicha havo harorati pasayadi.
Hafta davomida respublika hududining katta qismida kunduzgi havo harorati 30–35 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Janubiy hududlarda harorat 37 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi
30-iyun kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
1-iyulda respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
2-iyulda markaziy viloyatlarning asosan tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, 3-iyulda esa shimoli-g‘arbiy va cho‘l hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Shamol kuchayishi va chang-to‘zon bo‘lishi mumkin
Hafta davomida shamol 7–12 m/s tezlikda esadi. Ba’zi joylarda shamol 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
29 – 30-iyun kunlari shimol, janub va cho‘l hududlarda shamol ba’zida 20–22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli bor.
Tog‘li hududlarda sel xavfi bor
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi.
«O‘zgidromet» ushbu hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Toshkentda havo qanday bo‘ladi
30-iyun kuni poytaxtda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Kunduzgi harorat 30–32 darajani tashkil etadi.
1 – 3-iyul kunlari Toshkentda, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda. Faqat 2-iyulda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat asosan 31–34 daraja, kechalari esa 20–23 daraja atrofida bo‘ladi.
29 – 30-iyun va 2-iyul kunlari Toshkentda shamol tezligi vaqti-vaqti bilan 12–15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maxsus komissiya bugun Toshkent shahrida qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.