Yangiliklar

7 yoshli bola yuk mashinasini boshqargani uchun kattalarga chora ko‘rildi

Holat 2025-yil sentabr oyida sodir bo‘lgan
7 yoshli bola yuk mashinasini boshqargani uchun kattalarga chora ko‘rildi
Foto: Videodan olindi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida 7 yoshli bolaning Howo rusumli yuk mashinasini boshqargani aks etgan video yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, holat 2025-yil sentabr oyida sodir bo‘lgan. Surishtiruv davomida yuk mashinasi boshqaruvi bolaga uning ammasining o‘g‘li tomonidan berilgani aniqlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar transport vositasini voyaga yetmagan bolaga ishonib topshirgan fuqaro hamda bolani nazoratsiz qoldirgan onaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirdi.

Shuningdek, qoidabuzarlikda ishtirok etgan yuk mashinasi vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirildi.

IIB fuqarolarni yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga hamda transport vositalarini voyaga yetmaganlarga boshqarish uchun bermaslikka chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bekobodda YTH sodir etib, jasadni kanalga tashlagan IIB xodimi qamalgani haqida yozgandi.