Yangiliklar

Endi oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘laydi

Imtiyoz qariyb 200 ming nafar oliygoh bitiruvchisini ishga oladigan tadbirkorlar uchun muhim rag‘bat bo‘ladi
Endi oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘laydi / Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlar bir yil davomida daromad va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shu va shu kabi qator imtiyozlarni sanab o‘tdi.

Oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi

Prezidentning ma’lum qilishicha, oliygoh bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun ushbu yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq stavkasi bir yil davomida 1 foiz etib belgilanadi. Mazkur imtiyoz qariyb 200 ming nafar oliygoh bitiruvchisini ishga oladigan tadbirkorlar uchun muhim rag‘bat bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, hozirda ijtimoiy reyestrga kirmagan, biroq ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan, mehnat migratsiyasidan yoki jazoni o‘tab qaytgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yana 1 mln nafar yosh borligi qayd etildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Kafolatlangan birinchi qadam» paketi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, «ustoz-talaba» dasturi asosida uyushmagan yoshlarni oliygohga kirishga tayyorlagan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball beriladi hamda davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik yaratiladi.

«Yoshlar mini-franshizasi» dasturi ishga tushiriladi

Prezident mamlakatda savdo, servis va ishlab chiqarish sohalarida o‘z brendiga ega minglab yoshlar faoliyat yuritayotganini qayd etdi. Ularni uyushmagan tengdoshlariga biznes yuritishni o‘rgatish va o‘z brendi asosida daromad topishiga ko‘maklashish maqsadida «Yoshlar mini-franshizasi» dasturi ishga tushiriladi.

Dastur doirasida faoliyatini kengaytirayotgan yoshlarga imtiyozli shartlarda yer va kredit ajratiladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan 300 mln so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Mazkur tashabbuslarni moliyalashtirish uchun 500 mln so‘m yo‘naltiriladi.

Yoshlar xablari tashkil etiladi

Yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish hamda tadbirkorlik bo‘yicha mavjud xizmatlardan «yagona darcha» tamoyili asosida foydalanish imkonini beruvchi Yoshlar xablari tashkil etiladi. Dastlab ushbu tizim Surxondaryo viloyatida yo‘lga qo‘yilib, keyinchalik bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etiladi.

«TOP-100» dasturi orqali yosh liderlar saralanadi

Prezident davlat boshqaruvida yoshlar ulushini oshirish zarurligini ta’kidladi. Hozirda 87 ming nafar davlat xizmatchisining 16,5 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar bo‘lib, ulardan 902 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Shu maqsadda «yangi iqtisodiyot», axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha Top-100 dasturi amalga oshiriladi. Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan tanlovning 100 nafar g‘olibi 50 mln so‘mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi. Shuningdek, har bir vazirlik o‘z yo‘nalishi bo‘yicha top-100 iqtidorli yoshlar dasturini yo‘lga qo‘yadi hamda yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish vazifasi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili «Raqamli kontent» platformasiga 20 milliard so‘m ajratilishi haqida yozgan edik.