Yangiliklar

Oʻzbekiston aeroportlari AQShning portlovchi moddalarni aniqlovchi uskunalari bilan jihozlanadi

Amerika tomoni tomonidan 12 dona zamonaviy LEIDOS gaz analizatorini bepul qabul qilib oldi
Foto: Uzbekistan Airports

Oʻzbekistonning xalqaro aeroportlari aviatsiya xavfsizligini kuchaytirishga moʻljallangan zamonaviy koʻrik uskunalari bilan jihozlanadi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» AJ axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamda AQSh Transport xavfsizligi ma’muriyati (TSA) bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakunida amalga oshirilgan. Eksport nazorati va chegara xavfsizligi dasturi (EXBS) doirasida «Uzbekistan Airports» AJ Amerika tomoni tomonidan 12 dona zamonaviy LEIDOS gaz analizatorini bepul qabul qilib oldi.

Yangi avlod texnik vositalari Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida qoʻllanadi. Ushbu uskunalar yuklar, pochta joʻnatmalari va bagajlarni koʻzdan kechirish jarayonida portlovchi moddalar izlari hamda bugʻlarini aniqlash imkonini beradi.

«Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish va aviatsiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalar amalga oshirilishiga zamin yaratayotgan amerikalik hamkorlar bilan konstruktiv muloqotni yuqori qadrlaymiz», – dedi «Uzbekistan Airports» AJ raisining aviatsiya xavfsizligi va rejim boʻyicha oʻrinbosari Behzod Yusupov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Frankfurt aeroporti Yevropaning eng chiroyli aeroporti deb topilgani haqida xabar bergan edi.