Yangiliklar

Orolbo‘yida 670 dan ortiq yo‘rg‘a tuvaloqlar tabiatga qo‘yib yuborildi

Qushlar Qozog‘istondagi maxsus ko‘paytirish markazida parvarish qilingan
Orolbo‘yida 670 dan ortiq yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborildi
Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash maqsadida 672 ta noyob yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi. Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, qushlar Qozog‘istondagi maxsus ko‘paytirish markazida parvarish qilingan.

Qushlarni tabiatga qo‘yib yuborish jarayoni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, CITES ma’muriy organi vakillari hamda «Falcon Hunting Solutions» MChJ xodimlari nazoratida amalga oshirildi.

Bunday nazorat noyob turlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro talablarga rioya etish va qushlarning tabiiy muhitga moslashishiga yordam berish uchun muhim hisoblanadi.

Yo‘rg‘a tuvaloq noyob turlar qatoriga kiradi

Yo‘rg‘a tuvaloq alohida muhofazaga muhtoj noyob qush turlaridan biri hisoblanadi. Uning populyatsiyasini tiklash Orolbo‘yi hududi uchun muhim ahamiyatga ega.

Orol dengizining qurishi mintaqadagi tabiiy ekotizimlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Natijada cho‘l va dasht hududlarida yashovchi ko‘plab hayvon va qushlarning tabiiy yashash joylari qisqargan.

Yo‘rg‘a tuvaloq populyatsiyasini tiklash va uning yashash muhitini muhofaza qilish bo‘yicha ishlar Orolbo‘yida uzoq muddatli dasturlar doirasida davom ettiriladi.

Tashabbus davlat organlari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, xalqaro ekspertlar va xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orolbo‘yi uchun yangi biopreparatlar yaratilgani haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida Orolning qurigan tubidagi sho‘r tuproqlardan 1000 dan ortiq mikroorganizm namunalari ajratib olingan. Ular orasidan eng samarali 100 ta namunaga asoslangan maxsus mikrobiologik kolleksiya shakllantirilgan.