Yangiliklar

Oxirgi 3 yilda 30 foiz fermerning yeri olib qo‘yilgan — ekspert

Fermerlarning yerga bo‘lgan huquqi yetarlicha kafolatlanmagan
Oxirgi 3 yilda 30% fermerning yeri olib qo‘yilgan — ekspert
Foto: depositphotos

Fermerlarning yerga bo‘lgan huquqi yetarlicha kafolatlanmagani suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga to‘sqinlik qilmoqda. Ekspert Dilshod Shodiyevning aytishicha, oxirgi uch yil ichida fermerlarning 30 foizining yeri olib qo‘yilgan.

Bu haqda Shodiyev «O‘zbekistonda suv sohasidagi islohotlar: erishilgan natijalar, mavjud chaqiriqlar va kelajak istiqbollari» mavzusidagi ekspertlar kengashining I yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Uning fikricha, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish uchun faqat fermerlarni majburlash yetarli emas. Avvalo, ularning yerga bo‘lgan huquqi barqaror va ishonchli bo‘lishi kerak.

Fermer yeridan ayrilishdan xavotirda

Ekspertning ta’kidlashicha, fermer katta mablag‘ sarflab, suv tejovchi texnologiya o‘rnatsa ham, ertaga yeri olib qo‘yilishi mumkinligidan xavotirda bo‘ladi.

Shodiyevga ko‘ra, Yer kodeksida fermerning yer ijarasi huquqini bekor qilish uchun 11 ta asos mavjud. Ayrim asoslar esa aniq belgilanmagani sababli turlicha talqin qilinishi mumkin. Masalan, «yerdan samarasiz foydalanish» tushunchasi qonunchilikda yetarlicha aniq ochib berilmagan. Ekspert fikricha, bu hokimliklar yoki mas’ul organlarga keng talqin qilish imkonini beradi.

Suv tejovchi texnologiyaga qiziqish pasaymoqda

Shodiyevning aytishicha, yerga egalik hissi bo‘lmasa, fermer uzoq muddatli investitsiya kiritishga qiziqmaydi. Uning ta’kidlashicha, suv tejovchi texnologiyalar arzon emas. Fermer bunday tizimlarni joriy qilish uchun katta mablag‘ sarflaydi, uskunalar oladi va dalada infratuzilma yaratadi. Agar yer huquqi kafolatlanmasa, bu xarajatlar xavfli investitsiyaga aylanadi.

«Masalan, siz sotib olgan mashinani, deylik, davlat qaysi holatda olib qo‘yishi mumkin? Faqat bitta holatda, jinoyat sodir qilsangiz shu mashinadan foydalanib. Shu holatda olib qo‘yadi. Boshqa hech qanaqa asosda olib qo‘yishga haqli emas. Fermerlarda endi ular, asosan, yerdan foydalanuvchi. Ular yerga bo‘lgan huquqi kafolatlanmagandan keyin kim unga investitsiya kiritadi? Kim uni o‘zining yeri deb qabul qiladi? Bugun u, deylik, $10 ming, $100 ming pul sarflab katta-katta yerlariga, deylik, suvni tejovchi texnologiya joriy qildi, deylik. Ertaga uni hokim olib qo‘yadi. Unda nima qiladi u? Qanday manfaatdorlik bor unda? Agar o‘sha yerni u o‘zining mulki deb his qilib boshlasa, u unga investitsiya kiritadi. Siz unga kredit ham berishingiz shart emas. Fermer o‘zining yeri deb his qilib boshladimi, hosildorlikni oshirish uchun, ko‘proq suvni tejash uchun, xarajatini kamaytirish uchun ham innovatsiyalarni joriy qiladi baribir. Bu huquqiy barqarorlik bilan bog‘liq», – deydi u.

Fermer va dehqon xo‘jaliklari daromadida katta farq bor

Dilshod Shodiyev 2024-yilgi statistik ko‘rsatkichlarni ham keltirdi. Uning aytishicha, fermer xo‘jaliklari bir gektar yerdan iqtisodiyotga o‘rtacha 32 mln so‘m qiymat kiritgan. Dehqon xo‘jaliklarida esa bu ko‘rsatkich 385 mln so‘mni tashkil etgan.

Ekspert bu farqni yerga bo‘lgan huquq barqarorligi bilan izohladi. Uning fikricha, dehqon xo‘jaligi yerni o‘ziga tegishli deb his qiladi, chunki ba’zi hollarda bu meros bo‘lib qoladi, shu sababli unga ko‘proq mehnat va investitsiya kiritadi.

Shodiyev fermerlarning hozirgi holatini «bugun bor, ertaga yo‘q» deb baholadi. Uning fikricha, bu holat qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni sekinlashtiradi. Chunki fermerda yerga bo‘lgan ishonch bo‘lmasa, u na suv tejovchi texnologiyaga, na hosildorlikni oshirishga jiddiy sarmoya kiritadi.

Ekspert fermerlarning yerga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, shunda davlat fermerni majburlab emas, balki manfaatdorlik orqali suvni tejashga undashi mumkin.

Suv muammosi yer huquqi bilan bog‘liq

Yig‘ilishda suv tanqisligi va suvdan samarali foydalanish masalasi ham muhokama qilindi.

Ekspertga ko‘ra, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish uchun fermerlar asosiy ijrochi hisoblanadi. Shu sababli ularning yerga bo‘lgan huquqlari, investitsiya xavfsizligi va iqtisodiy manfaatdorligi ta’minlanmas ekan, bu texnologiyalar ommalashishi qiyin.

Shodiyev suv sohasidagi islohotlarda fermerlar muammosiga alohida e’tibor qaratish kerakligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishda yangi subsidiyalash tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqaruvchilari va mahalliy ta’minotchilar barcha nasos va filtrlarni QR-kodli maxsus yorliq ostida ishlab chiqarishi hamda sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatishi shart.