Yangiliklar

O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonati mexanizmi joriy etildi

2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladi
Maqsadli ipoteka omonati mexanizmi tajriba-sinov tartibida joriy etildi / Foto: ChatGPT

Uy-joy xaridini qo‘llab-quvvatlash va ipoteka tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonda yangi jamg‘arma mexanizmi amaliyotga joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Prezident farmoni ijrosini ta’minlash doirasida vazirlik hamda Markaziy bank tomonidan «Maqsadli ipoteka omonati»ni joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi ishlab chiqildi va u 2026-yil 1-iyuldan boshlab amaliyotga kiritildi.

Omonat shakllantirish tartibi

Yangi tizimga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olish uchun ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar tijorat banklarida jamg‘arma hisobvarag‘i ochib, 12 oydan oshmagan muddatda ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning o‘z ulushiga teng yoki undan kam bo‘lmagan mablag‘ni jamg‘aradi. Ushbu mablag‘lar ipoteka dasturi doirasida belgilangan kredit miqdoridan kelib chiqib shakllantiriladi.

Subsidiyalar va foiz hisoblash tartibi

Ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar tijorat banklarining buyurtmasiga asosan oldindan yo‘naltiriladi. Omonatdagi mablag‘larga banklar tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi va jamg‘arilgan mablag‘lar foizlari bilan birga ipoteka krediti dastlabki badalini shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Mexanizmning maqsadi va muddati

Mazkur tizim aholining jamg‘arma mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish, dastlabki badalni to‘lash imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat subsidiyalarining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlarning bir qismi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplab berilishi ham davom etadi.

Ushbu tajriba-sinov 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi eng arzon va eng qimmat kvartira narxlari e’lon qilingan edi.