
O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar natijasida yosh tadbirkorlar soni besh barobar oshib, 287 ming nafardan ortdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar hisobiga mamlakatda yoshlar bilan ishlash muhiti tubdan o‘zgardi. Xususan, bilim olish, kasb-hunar egallash, xorijiy tillarni o‘rganish, ish topish va biznes boshlashda qiyinchilikka duch kelgan 1,5 mln nafar yoshning muammolari «Yoshlar daftari» orqali hal etildi.
Shuningdek, alohida dasturlar doirasida yaratilgan qulay biznes muhiti va imtiyozli resurslar natijasida yosh tadbirkorlar soni besh barobar oshib, 287 ming nafardan ortdi. O‘quv markazlari faoliyatini kengaytirish uchun yaratilgan sharoitlar tufayli xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yoshlar soni 3,5 mln nafarga yetdi.
Qayd etilishicha, iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta medalni qo‘lga kiritgan. Yosh sportchilar esa xalqaro musobaqalarda 2245 ta medal bilan yurt sharafini munosib himoya qilgan.
Davlat rahbari tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlash tizimi ham natija berganini qayd etdi. Huquq-tartibot idoralari va hokimlar ularga biriktirilgani tufayli so‘nggi ikki yilda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 2,5 barobarga kamaygan.
«Lekin bu — yoshlar bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘ldi, degani emas», – dedi davlat yetakchisi.
U yoshlar masalalari uchun mas’ul idoralar, vazirlar, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, texnikum va maktab direktorlariga yoshlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini doimiy o‘rganib, ular bilan tizimli ishlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat aholisi 39 mlndan oshgani haqida yozgan edik.