
O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik klasterlari va soha korxonalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi subsidiya hamda soliq imtiyozlari joriy etiladi. Bu haqda 29-iyundagi prezident qarorida (PQ-246-son) belgilandi.
Gektariga 3 mln so‘mdan subsidiya
Qarorga ko‘ra, 2025-yilda o‘ziga biriktirilgan maydonlarda paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ularning ta’sischisi bo‘lgan korxonalar har bir gektar yer uchun 3 mln so‘mdan subsidiya oladi. Bunda paxta Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan hududlarda ekilgani «O‘zbekkosmos» tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Bo‘yalgan mato loyihalari va QQS bo‘yicha yengillik
Shuningdek, 2026-yil 1-iyungacha amalga oshirilgan bo‘yalgan mato hamda aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarida bo‘yash uskunalarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyulgacha tadbirkorlarning barqarorlik reytingida «A» va undan yuqori toifaga kirgan klasterlar hamda to‘qimachilik korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farqi tekshiruvsiz 20 kun ichida qaytarib beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 104 mlrd so‘mlik paxta tolasini birjasiz sotgan korxonaga jarima qo‘llanilgani haqida yozgandi.