
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar (prekursorlar) bilan bog‘liq faoliyat tartibga solindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi nizom prekursorlarni olish, jo‘natish, hisobga olish, berish, tashish, saqlash, sotish, taqsimlash va yo‘q qilish tartibini belgilaydi. Shuningdek, ushbu moddalarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va mamlakatdan olib chiqish jarayonlari ham yangi tartib asosida amalga oshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, prekursorlarni sotib olishda xaridorning huquqiy asoslari tekshiriladi. Bunda litsenziyalar, ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari hamda moddadan maqsadli foydalanilishini tasdiqlovchi hujjatlar o‘rganiladi.
Prekursorlarni tashish ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Ularni harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari yoki boshqa qo‘riqlash xizmatlari kuzatuvida tashish belgilangan.
Prekursorlar O‘zbekiston hududiga Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan beriladigan sertifikat asosida olib kiriladi va mamlakatdan olib chiqiladi. Mazkur sertifikatdan faqat bir marta foydalanish mumkin bo‘lib, uning amal qilish muddati bir yilni tashkil etadi.
Nizomga muvofiq, prekursorlardan foydalanuvchilar kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan «Xavfsizlik pasporti»ni talab qilishlari lozim.
Prekursorlar yaroqlilik muddati tugaganida, ulardan foydalanish imkoniyatini istisno etuvchi kimyoviy yoki fizik ta’sirga uchraganida, shuningdek, moddaning prekursorlarga mansubligini aniqlash imkoni bo‘lmagan holatlarda yo‘q qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda qariyb 3 tonna giyohvandlik vositalari yo‘q qilingani haqida yozgan edi.