Gadjetlar

Samsung Galaxy A27 smartfoni sotuvga chiqdi

Samsung Galaxy A27 smartfoni sotuvga chiqdi
Foto: Sammobile

Samsung Hindiston bozorida Galaxy A seriyasining yangi modeli – Samsung Galaxy A27 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Smartfon Hindistonda 2026-yil 3-iyuldan sotuvga chiqadi. Uni Samsung rasmiy sayti, Samsung Shop ilovasi, shuningdek, kompaniyaning mamlakat bo‘ylab vakolatli onlayn va oflayn do‘konlari orqali xarid qilish mumkin bo‘ladi. Model qora, och yashil va och pushti ranglarda taklif etiladi.

Texnik imkoniyatlar

Galaxy A27 6,7 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran Full HD+ aniqlik, 120 Hz yangilanish chastotasi va Corning Gorilla Glass Victus+ himoyasiga ega. Smartfon Qualcomm Snapdragon 6 Gen 3 protsessori asosida ishlaydi.

Qurilma One UI 8.5 interfeysi va Android 16 QPR2 operatsion tizimi bilan yetkazib beriladi. Samsung ushbu model uchun olti marta yirik operatsion tizim yangilanishi hamda olti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan.

Kamera tizimi orqa tomonda uchta moduldan iborat. Asosiy kamera 50 megapikselli bo‘lib, keng burchakli obyektiv, optik stabilizatsiya va fazali avtofokusni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 5 megapikselli ultra keng burchakli kamera va 2 megapikselli makro kamera mavjud. Old tomonda selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 12 megapikselli kamera o‘rnatilgan.

Galaxy A27 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan va 25 W gacha simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Aloqa imkoniyatlari qatoriga ikki SIM-kartali 5G, ikki diapazonli Wi-Fi, Bluetooth 5.3, GPS va USB Type-C porti kiradi. Smartfonda 2 TB gacha microSD xotira kartalarini qo‘llab-quvvatlovchi slot ham bor.

Narxlar:

Galaxy A27 variantiHindistondagi narxiDollardagi taxminiy narxi
6 GB + 128 GB31 999 rupiy$338
8 GB + 128 GB34 999 rupiy$370
8 GB + 256 GB40 499 rupiy$428

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Samsung Galaxy A54 va Galaxy A55 uchun One UI 9.0’ni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.