Banklar va moliya

«Sirli mijoz» tekshiruvi: Markaziy bank 14 ta bankka 681,5 mln so‘m jarima qo‘lladi

«Agrobank» va «SQB»ga ham jarima belgilandi
MB murojaatlar bo‘yicha eng ko‘p shikoyat tushgan 10 ta bank ro‘yxatini e’lon qildi
Foto: Markaziy bank Facebook sahifasi

Markaziy bank joriy yilning birinchi choragida «sirli mijoz» usulidagi tekshiruvlar orqali 14 ta bankka jami 681,5 mln so‘m jarima qo‘lladi.

Tekshiruvlarda banklar iste’molchilar bilan ishlashda oshkoralik, shaffoflik hamda ma’lumotlarning to‘liq va to‘g‘ri berilishi bo‘yicha ayrim qonunchilik talablariga rioya qilmagani aniqlangan.

«Agrobank» va «SQB»ga ham jarima belgilandi

Markaziy bank xabariga ko‘ra, 14 ta bankka qo‘llangan jarimalar ichida «Agrobank»ka nisbatan 255 mln so‘m, «O‘zsanoatqurilishbank»ka nisbatan esa 119,5 mln so‘m jarima belgilangan.

Qolgan banklarga nisbatan ham aniqlangan holatlarga qarab moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan.

«Uzum bank» va ikki mikromoliya tashkiloti tekshirildi

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum bankda ham tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar davomida moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari bilan bog‘liq qator qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilinmagan. Shuningdek, mijozlar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi buzilgan, mikroqarz shartnomalarida qonunchilikda nazarda tutilgan ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagan.

Bundan tashqari, mijozlarning kredit tarixi bo‘yicha ma’lumotlar kredit byurolariga belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan. Ushbu qoidabuzarliklar uchun Shaffof-moliya mikromoliya tashkilotiga 201 mln so‘m, Tezcoin mikromoliya tashkilotiga esa 156 mln so‘m jarima qo‘llangan.

«Uzum bank»ka 215,5 mln so‘m jarima qo‘llandi

«Uzum bank»da ham iste’molchilarga axborot berish, rasmiy veb-saytda ma’lumotlarni joylashtirish va murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha talablar buzilgani aniqlangan.

Shuningdek, iste’molchilarning kredit tarixi ma’lumotlari kredit byurosiga belgilangan muddatdan kech yuborilgan. Bank shartnomalarida qonunchilikda belgilangan ayrim talablar aks ettirilmagani ham qayd etilgan. Mazkur holatlar bo‘yicha «Uzum bank»ka 215,5 mln so‘m jarima sanksiyasi qo‘llangan.

«Ipoteka-bank»ka ham jarima qo‘llandi

Markaziy bank «Ipoteka-bank» faoliyati yuzasidan kelib tushgan iste’molchilar murojaatlarini ham o‘rgangan. O‘rganish davomida kredit qarzdorliklari uchun mablag‘lar qarz oluvchilarning bank kartalaridan to‘lov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olingani aniqlangan.

Shuningdek, ayrim holatlarda kredit shartnomasida roziliksiz yechib olish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, mablag‘lar akseptsiz yechib olingan.

Bundan tashqari, garov mulki bo‘yicha bank huquqlari haqidagi yozuv garov reyestridan qonunchilikda belgilangan muddatdan kech chiqarilgan. Ushbu qoidabuzarliklar uchun «Ipoteka-bank»ka 105 mln so‘m jarima qo‘llangan.

Regulyator banklar va mikromoliya tashkilotlaridan mijozlarga axborotni to‘liq, aniq va o‘z vaqtida taqdim etish, shartnomalarni qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirish hamda murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy banki raisi Timur Ishmetov raqamli texnologiyalar moliya tizimining poydevorini o‘zgartirayotganini va tez orada regulyatorlar faoliyatida asosiy o‘ringa chiqishini ma’lum qilgandi.