Yangiliklar

Talabalarning ishlashiga qonunchilikda cheklov belgilanmagan

Pedagogika yo‘nalishi talabalari uchun alohida tartib mavjud
Talabalarning ishlashiga qonunchilikda cheklov belgilanmagan / Foto: ChatGPT

O‘zbekistonda amaldagi qonunchilik talabalarga o‘qish bilan bir qatorda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Bu haqda Bandlik vazirligi eslatma berdi.

Ish beruvchilarga qanday majburiyat yuklangan

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 383-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ta’lim olayotgan xodimlarga ishni o‘qish bilan birga olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. Bu norma talabalarning mehnat faoliyatini ta’lim jarayoniga mos ravishda tashkil etishni nazarda tutadi.

Pedagogika yo‘nalishi talabalari uchun alohida tartib

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar 3-kursdan boshlab o‘qishga xalaqit bermagan holda umumta’lim maktablariga asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin.

Boshqa sohalarda ishlash mumkinmi

Amaldagi tartibga ko‘ra, boshqa tashkilotlarda ham talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mavjud diplom yoki malakasiga asosan, shuningdek, maxsus malaka talab etilmaydigan lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi platforma ishga tushirilishi haqida xabar bergan edik.